Zelenskiy Ukraina aholisiga murojaat yo`llab, 16 fevralni "Ukraina birligi kuni" deb belgilashni taklif qildi.
"Buyuk mamlakatning buyuk odamlari! Bizga 16 fevral hujum kuni bo`lishini aytishdi. Biz buni birlik kuni qilamiz. Shu kuni davlat bayroqlarini ilib, ko`k va sariq lentalarni taqib, birdamligimizni butun dunyoga namoyish etamiz", — deydi u.
Ukraina rahbari butun qit`aning xavfsizligi Ukraina va uning armiyasiga bog`liqligini aytdi. Uning ta`kidlashicha, Kiev tinchlikka intiladi va barcha masalalarni faqat muzokaralar yo`li bilan hal qilmoqchi.
Shuningdek, Vladimir Zelenskiy mamlakatni tark etgan yoki ketishni rejalashtirgan barcha davlat xizmatchilariga ham murojaat qilib, ularni 24 soat ichida qaytishga chaqirdi, chunki xalq ularga "mamlakatni boshqarish va uni himoya qilishni" ishonib topshirgan.
"Men davlatning barcha vakillariga, davlat xizmatchilariga, barcha darajadagi xalq deputatlariga mamlakatni tark etgan yoki yaqin orada ketishni rejalashtirayotganlarga murojaat qilaman. Ukraina xalqi sizga nafaqat davlatni boshqarishni, balki uni himoya qilishni ham ishonib topshirgan, bunday vaziyatda biz bilan, ukrain xalqi bilan birga bo`lish sizning bevosita burchingizdir. Endi sizni 24 soat ichida vataningizga qaytishga va Ukraina armiyasi, diplomatiyamiz, xalqimiz bilan elkama-elka turishga taklif qilaman", dedi Zelenskiy dushanba kuni Telegram`dagi kanalida e`lon qilgan videomurojaatida.
Eslatib o`tamiz, avvalroq Germaniya kansleri Ukrainaga kelib, Zelenskiy bilan muzokaralar olib borgani haqida yozgan edik.






