1

Gulnora Karimova tomonidan xorijga noqonuniy olib ketilgan mol-mulklar O`zbekistonga qaytarilmoqda — Adliya vazirligi

Jamiyat 15.02.2022, 10:06
Gulnora Karimova tomonidan xorijga noqonuniy olib ketilgan mol-mulklar O`zbekistonga qaytarilmoqda — Adliya vazirligi

O`zbekiston Respublikasi Shveysariya, AQSh, Fransiya, Rossiya Federasiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan G.Karimova va uning sheriklari tomonidan jinoiy faoliyatdan orttirilgan va qonunga xilof ravishda mamlakatdan tashqariga olib ketilgan mol-mulklarni qaytarish bo`yicha faol ish olib bormoqda. Bu haqda "darakchi.uz"ga Adliya vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi. 

Ma`lum qilinishicha, O`zbekiston vakolatli davlat organlarining G.Karimova tomonidan jinoiy yo`llar bilan egallangan mol-mulklarini mamlakatga qaytarish bo`yicha amalga oshirayotgan ishlari natijasida yaqinda Fransiyadan 10 million AQSh dollari O`zbekistonga qaytarildi.

Ta`kidlash joizki, 2020 yilning may oyida ham Fransiyadan 10 million AQSh dollari qiymatidagi aktivlar O`zbekistonga qaytarilgan edi.

Shu bilan birga, joriy yil 11 fevralda Shveysariya va O`zbekiston o`rtasida muzokaralarning navbatdagi bosqichi bo`lib o`tdi. Unda tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining ko`ptomonlama trast jamg`armasini (Jamg`arma) tashkil etish bo`yicha kelishuvga erishdi. Mazkur Jamg`armadan Gulnora Karimovaga nisbatan jinoiy ish yurituvi doirasida to`liq musodara qilingan aktivlarni qaytarish uchun foydalaniladi. Shuningdek, Jamg`arma Shveysariyada davom etayotgan jinoiy ish doirasida kelajakda musodara qilinadigan har qanday qo`shimcha aktivlarni qaytarish uchun xam xizmat qiladi. Hozirgi kunda taxminan 131 million AQSh dollari qiymatidagi aktivlar O`zbekistonga qaytarilishga tayyor.

Jamg`arma boshqaruv mexanizmi Shveysariya, O`zbekiston va BMT vakillaridan tashkil topadi. Shu orqali Shveysariya va O`zbekiston aktivlarni qaytarish jarayoniga to`liq jalb etiladi. Jamg`arma O`zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga ko`maklashadi va BMTning Barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik bo`yicha O`zbekistondagi dasturi (UNSDCF)ga mos loyihalar uchun moliyaviy resurslar ajratadi.

Ushbu loyihalar Jamg`arma faoliyatida ishtirok etuvchi BMT tizimidagi tashkilotlar tomonidan boshqa ijrochi sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Barcha loyihalar BMTning qoida va nizomlari asosida tuzilgan Jamg`armaning monitoring  

va baholash tizimiga muvofiq nazorat qilib boriladi. Fuqarolik jamiyati institutlari Jamg`arma faoliyatida maslahatchilar sifatida ishtirok etadi.

Jamg`arma o`z faoliyatini Shveysariya va O`zbekiston o`rtasida tomonlarga yuridik majburiyat yuklovchi Restitusiya to`g`risidagi kelishuv imzolanganidan so`ng boshlaydi. Ushbu kelishuv imzolanganidan keyin Jamg`arma va uning faoliyati haqida qo`shimcha batafsil axborot beriladi.

Bundan tashqari, Moskva shahar sudi tomonidan O`zbekiston sudlarining G.Karimova va uning sheriklariga nisbatan chiqargan hukmlari tan olindi va hozirda Rossiya tomoni bilan O`zbekiston Respublikasiga qaytarish uchun musodara qilingan mol-mulklarni sotishni tashkillashtirish bo`yicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

Qaytarilgan mablag`lar mamlakatimiz aholisi farovonligini yaxshilash uchun ijtimoiy sohaga sarflanadi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1