1

“Buxoro neft bazasi”da hujjatlarni soxtalashtirish va talon-taroj qilish holatlari aniqlandi

Jamiyat 15.02.2022, 19:53
“Buxoro neft bazasi”da hujjatlarni soxtalashtirish va talon-taroj qilish holatlari aniqlandi

“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig`iga asosan, tizimdagi korxonalarda moliyaviy va komplaens nazorati yo`nalishida korrupsiya, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashishga, ularni kelgusida yo`l qo`yilishini oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar, o`rganishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda “O`zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, “Buxoro neft bazasi” MChJda 2021 yil yakuni bo`yicha o`tkazilgan o`rganishlarda, jami 22 mlrd 58 mln so`mlik xato-kamchiliklar aniqlangan bo`lib, mazkur holatlarni bartaraf-etish, huquqiy baho berish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tegishli choralar ko`rildi.

Biroq, mazkur neft bazada o`tkazilayotgan o`rganishlar jarayonida yuqorida keltirilgan qonunbuzulishlarga qo`shimcha ravishda yana 5 mlrd 506 mln so`mlik manfaatlar to`qnashuvi, qarindosh urug`chilik va boshqa turli xato va kamchiliklar, shundan 3 mlrd 465 mln so`m mablag`larni talon-taroj qilish holatlari aniqlandi. Ta`kidlash joizki, mazkur aniqlangan holatlarning asosiy qismi “Buxoro neft bazasi”ning sobiq bosh hisobchisi G`. K.ning bevosita ishtirokida amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, neft baza hisob raqamiga kelib tushmagan 330,3 mln so`m pul mablag`larini hisobchi A.J.ga qarashli korxonaning interaktiv kartasiga qasddan sun`iy ravishda kiritib neft mahsulotlari to`lovsiz berib yuborilgan. Amaldagi qonunchilikka asosan neft mahsulotlari birja savdolari orqali realizasiya qilinishi belgilangan bo`lsada, xususiy korxona orqali soxta tiketlar asosida 40,0 mln so`mlik neft mahsulotlari olib chiqib ketilgan.

Sobiq bosh hisobchi G`.K. tomonidan 1S Buxgalteriya elektron hisobotlarda “yaqin do`sti”ga qarashli korxonadan 917,6 mln so`m, boshqa korxonadan 252,0 mln so`mlik mablag` tushganligi to`g`risidagi soxta ma`lumotlar kiritish yo`li bilan neft mahsulotlari o`zlashtirilgan.

2020 yilning 18 avgust kuni “D” MChJga “ko`rsatilgan xizmatlar uchun” 250,0 mln so`m pul mablag`lari o`tkazib berilgan, 1S Buxgalteriya dasturiga Buxoro Tovar xomashyo birjasiga neft mahsulotlari uchun mablag` o`tkazilgani to`g`risida soxta ma`lumotlar kiritilib 250,0 mln so`m pul mablag`lari o`zlashtirilgan. Amalda esa, ushbu korxona bilan “Buxoro neft bazasi” o`rtasida xizmat ko`rsatish bo`yicha tuzilgan shartnomalari mavjud bo`lmagan.

55 ta fermer xo`jaliklaridan to`lovlar mavjudligi to`g`risida 1S Buxgalteriya dasturiga soxta ma`lumotlar kiritish yo`li bilan jami 641,0 mln so`mlik neft mahsulotlarini talon tarojlikka yo`l qo`yilgan.

Sobiq bosh hisobchi tomonidan “Ko`kcha”filiali boshlig`i Sh. J. 3 ta iste`molchi tomonidan 430,8 mln so`m to`lov amalga oshirilgani to`g`risida yolg`on ma`lumotlar berish orqali 430,8 mln so`mlik neft mahsulotlari to`lovlarsiz o`zlashtirgan.

Achinarlisi, sobiq bosh hisobchi ta`sischiligida ochilgan korxonaga to`g`ridan-to`g`ri manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`yilgan holda hech qanday shartnomalar rasmiylashtirmasdan 2020 yilning avgust-dekabr oylari davomida jami 419,0 mln so`m pul mablag`lari moliyaviy yordam sifatida o`tkazib berilgan, shuningdek, 1S Buxgalteriya elektron dasturiga mazkur mablag`larni Buxoro viloyat Tovar xomashyo birjasiga neft mahsulotlari uchun o`tkazib berilganlik to`g`risida soxta ma`lumotlar kiritilib o`zlashtirib yuborilgan.

G`.K. shaxsiy manfaatdorligi bo`lgan boshqa korxonaning “Buxoro neft bazasi” oldidagi 2 mlrd 40 mln so`mlik qarzdorlikni undirish bo`yicha 2020 yil 3 mart kuni Iqtisodiy sudning tegishli ijro varqasini hamda 2020 yil 25 aprel kunidagi majburiy ijro byurosi organlarining ijro ishi yuritishni qo`zg`atish to`g`risida qarori ijrosini ta`minlamaslik va qarzdorlikni undirmaslik maqsadida Majburiy ijro byurosining tegishli bo`linmasiga 2020 yil 24 noyabr kuni qarzdorlikni undirish bo`yicha ijro ishini to`xtatishni so`rab “Buxoro neft bazasi” MChJ rahbari nomidan soxta ma`lumot kiritgan va bu bilan ijro ishini to`xtatishga erishgan.

“O`zbekneftgaz” AJ Moliyaviy va komplaens nazorat departamenti tomonidan o`tkazilgan o`rganishlar davomida, manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`yilganligi aniqlandi, ya`ni ushbu neft bazada uzoq yillar rahbar va bosh muhandis lavozimlarida ishlagan Z.B.ga qarashlikorxonaga 4 540 litr “AI-80” markali avtobenzin mahsuloti to`lovlar amalga oshirilmagan bo`lsada berib yuborilgan. O`rganish kuniga qadar esa undirish choralari mutloqo ko`rilmagan.

Aniqlangan holatlar bo`yicha kamchiliklarni undirish va vaziyatga huquqiy baho berish uchun o`rganish hujjatlari tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1