1

Buxoroda 62 yoshli ota farzandiga o`z buyragini berdi

Jamiyat 15.02.2022, 20:30
Buxoroda 62 yoshli ota farzandiga o`z buyragini berdi

 Kuni kecha Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida poytaxtdan borgan bir guruh transplantolog mutaxassislar hamda mahalliy shifokorlar ishtirokida buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyoti bajarildi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Sakkiz soat davom etgan murakkab operasiya natijasida  kogonlik 31 yoshli S.Safarovga 62 yoshli otasi X. Safarovning ishlab turgan bir buyragi ko`chirib o`tkazildi. Hozir har ikki bemorning ham ahvoli yaxshi.

— Ko`z oldingda jondan aziz farzandingni darddan so`lib borayotganini ko`rish eng og`ir sinov, — deydi X. Safarov. — Ayniqsa, o`g`limning bir necha yil ushbu kasallikdan azob chekkanini o`ylasam, yuragim og`riydi. Nasib bo`lsa, ushbu operasiyadan keyin farzandim yana sog`lom hayotga qaytadi. Buning uchun shifokorlardan behad minnatdorman.

Mazkur jarrohlik amaliyotiga boshchilik qilgan Sog`liqni saqlash vazirligi bosh transplantologi, malakali xirurg Po`lat Sultonovning ta`kidlashicha, 31 yoshli ushbu bemor bir necha yil gemodializ muolajasi yordamida davolanib kelgan. Ayni vaqtga kelib, tashxis terminal bosqichga o`tgani sababli uni hayotga qaytarishning yagona usuli sifatida buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyoti tavsiya etilgan. 

Hozir bemor transplantolog mutaxassislar tibbiy kuzatuvi ostida bo`lib, uning buyrak faoliyati tiklanishida ijobiy o`zgarishlar kuzatilmoqda. Shuningdek, unga donorlik qilgan otasi X.Safarovning salomatligi ham kundan kun yaxshilanib boryapti.

Ma`lumot o`rnida aytish lozimki, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 oktyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, 2018 yil RShTYoIMda “Xirurgik transplantologiya” bo`limi tashkil etilgan edi. O`tgan davr mobaynida ushbu markaz mutaxassislari tomonidan 170 dan ortiq qarindoshlar orasida buyrak transplantasiya jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o`tkazildi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1