AsosiyJamiyat

Diniy mavzu o`ta xassos... Shaxsiy qarashlaringizni ommaviy munosabat sifatida talqin qilmang — Din ishlari qo`mitasi

'Diniy mavzu o`ta xassos... Shaxsiy qarashlaringizni ommaviy munosabat sifatida talqin qilmang — Din ishlari qo`mitasi'ning rasmi

Oxirgi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda ba`zi mutaassib shaxslar, ayrim hollarda esa diniy soha vakillari tomonidan ham O`zbekistonning din sohasidagi yagona davlat siyosatini noto`g`ri tushunish va baholash, yangiliklarni o`z manfaatlariga moslab talqin qilish, voqelikni bo`rttirib ko`rsatish, insonlar fikrida noxolis munosabatni shakllantirishga bo`lgan urinishlar kuzatilmoqda. Ushbu holatlar yuzasidan Din ishlari qo`mitasi rasmiy bayonot bilan chiqdi. 

"Birinchidan, shuni unutmaslik kerakki, biz dunyoviy, huquqiy demokratik, ko`p millatli va turli konfessiyali jamiyatda yashaymiz.

Ikkinchidan, O`zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi Qonunda hech qaysi dinga yoki diniy e`tiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yo`l qo`yilmasligi qat`iy belgilab qo`yilgan.

Uchinchidan, turli millat va konfessiya vakillari istiqomat qiladigan jamiyatda qonun bilan o`rnatilgan va ijtimoiy kelishuv asosida tartibga solinadigan munosabatlarga qarshi har qanday turdagi nojoiz xatti-harakat, gap-so`z va sa`y-harakat – turli dinlarga e`tiqod qiluvchi aholi orasida tushunmovchiliklar yuzaga kelishiga hamda diskriminasiya va turli muammolar kelib chiqishiga sabab bo`lishi mumkin", - deya muhim jihatlarni sanab o`tgan Qo`mita. 

Shuningdek, ma`lum qilinishicha, so`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoq sahifalarida davlat idoralari mas`ul xodimlari tomonidan O`zbekistonning dunyoviy, huquqiy demokratik davlat tamoyillaridan kelib chiqib, jamiyatda qonun ustuvorligi eslatilgan chiqishlariga nisbatan ayrim shaxslar, shu jumladan, diniy soha vakillari turli munosabat bildirmoqdalar.

Qo`mitaning ta`kidlashicha, Adliya vazirligi mamlakatda diniy tashkilotlarni ro`yxatga oluvchi yagona vakolatli davlat organi hisoblanadi hamda diniy tashkilotlar tomonidan O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, qonunchilik hujjatlari talablari va o`z ustavi qoidalariga rioya etishi ustidan nazoratni olib boradi.

O`zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi Qonunning 5-moddasida respublikamizda vijdon erkinligini ta`minlashning asosiy ustuvorliklari sanab o`tilgan. Ushbu moddada quyidagilar keltiriladi: fuqarolarning dinga munosabatidan qat`i nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo`l qo`ymagan holda, ularning vijdon erkinligiga bo`lgan o`z huquqlarini amalga oshirishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, jamoat tartibiga, O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining sog`lig`i va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy g`oyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish qat`iy belgilab qo`yilgan.

Shuningdek, mazkur Qonunning 7-moddasiga binoan, davlat turli dinlarga e`tiqod qiladigan va ularga e`tiqod qilmaydigan fuqarolar, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o`rtasida o`zaro murosa va hurmat o`rnatilishiga ko`maklashadi, diniy aqidaparastlik hamda ekstremizmga, munosabatlarni qarama-qarshi qo`yish va keskinlashtirishga, turli konfessiyalar o`rtasida adovatni avj oldirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo`l qo`ymaydi.

"Xulosa o`rnida, fuqarolarimizdan diniy mavzu o`ta xassos ekanini e`tiborga olib, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda diniy masala hamda davlatning din sohasidagi pozisiyasiga munosabat bildirganda xolis bo`lish, ayni vaqtda, davlatning dunyoviy demokratik tamoyillarini qat`iy yodda tutgan holda shaxsiy qarashlarini ommaviy munosabat sifatida talqin qilmasliklarini so`rab qolamiz!"- deyiladi Din ishlari bo`yicha qo`mita xabarida. 

 

 

    Boshqa yangiliklar