AsosiyJamiyat

Pandemiyaning shiddatli to`lqini G`arbdan Sharqqa ko`chmoqda — JSST

'Pandemiyaning shiddatli to`lqini G`arbdan Sharqqa ko`chmoqda — JSST'ning rasmi

Co`nggi ikki hafta ichida Evropaning olti davlatida koronavirus bilan kasallanganlar soni ikki baravar ko`paydi. Endi “omikron”ning shiddatli to`lqini Sharq tomon siljishi kutilmoqda. Kecha JSSTning Evropa bo`yicha mintaqaviy direktori Xans Klyuge shu haqda bayonot berdi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar qildi.

Ma`lum qilinishicha, keyingi paytlarda antirekord ko`rsatkichlari asosan G`arb davlatlarida qayd etilgan. Masalan, Buyuk Britaniyada bir oy avval kunlik kasallanishlar 220 mingdan oshib ketgan bo`lsa, hozir sutka davomida 40-50 ming atrofida yangi holatlar qayd etilyapti.  

Fransiyada ikki yarim hafta ichida COVID-19ni yuqtirish  ko`rsatkichlari 500 mingdan 90 mingga tushdi. Xuddi shunday Italiyada 25 yanvarda 210 mingdan ziyod kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan bo`lsa, ayni paytda bu raqamlar qariyb 4 barobar kamaygan.

Osiyoning ba`zi davlatlarida esa aksincha, vaziyat teskari tus olyapti. Misol uchun, Yaponiyada bir hafta oldin kunlik xastalanishlar soni 100 mingdan oshdi. Janubiy Koreyada esa kecha 90 mingta yangi holat ro`yxatga olindi.  

X. Klyugening fikriga ko`ra, “omikron” to`lqinidan so`ng dunyoda SOVID-19 pandemiyasining o`tkir bosqichi tugashi mumkin. Bu bir nechta omillarga bog`liq.  

Masalan, qish mavsumining tugashi bilan odamlar ochiq havoda ko`proq vaqt o`tkaza boshlaydi. Bu esa kasalallanish xavfini birmuncha kamaytirishi tabiiy. Qolaversa, to`liq bosqichda va buster dozada emlanganlar soni ortishi ham epidemiologik vaziyatga ijobiy ta`sir ko`rsatadi.  

Biroq JSST vakilining aytishicha, dunyoda emlashning yuqori darajasiga hali erishilgani yo`q. Bu esa koronavirusga qarshi kurashish jarayonini yanada murakkablashtirmoqda  

“Pandemiyaning o`tkir bosqichidan chiqishga harakat qilyapmiz, biroq yil oxirida kasallik yana avj olishi ehtimoli katta, — deydi Klyuge. — Chunki virus  qancha keng tarqalsa, yangi mutasiyalarning paydo bo`lish xavfi shunchalik ortaveradi. Ammo biz bunga yo`l qo`ymasligimiz kerak”.

JSST Evropa mintaqaviy byurosi mutaxassisi doktor Oleg Benesh ham shu fikrni qo`llab-quvvatlab, qo`shimcha dozada emlanishni “omikron”ga qarshi eng samarali vosita, deb atadi.  

Tashkilot ekspertlarining ogohlantirishicha, dunyoda vaziyat hamon xavotirli. Shu bois odamlar yopiq, tor va aholi gavjum joylarda ehtiyot choralarini unutmay, ijtimoiy masofa saqlash, tibbiy niqob taqish qoidalariga amal qilishlari lozim.  

 

 

    Boshqa yangiliklar