Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashda muhim o`rin tutgan soha - chorvachilik tarmog`ini qo`llab-quvvatlash, sohada ilg`or texnologiyalarni keng qo`llash orqali go`sht, sut va tuxum ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yig`ilishi o`tkazilmoqda.
Yig`ilishda ta`kidlanganidek, 2019-2021 yillarda:
- chorvachilik bo`yicha 8 turdagi subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish yo`lga qo`yildi;
- chorvachilikka 15 trillion so`mdan ziyod kredit mablag`lari ajratilib, 4,5 mingga yaqin loyiha amalga oshirildi;
- naslchilik xo`jaliklari soni 3 baravarga ko`payib, 1 ming 414 taga etdi;
- chorva mollari soni 1,2 millionga ko`paydi.
Lekin, respublika bo`yicha har 2 kishiga o`rtacha 1 ta qoramol to`g`ri kelsa, bu ko`rsatkich Namangan, Farg`onada 4 kishiga 1 ta, Toshkent viloyati va Surxondaryoda 3 kishiga 1 tani tashkil etmoqda.
Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan va Surxondaryoda yirik chorvachilik xo`jaliklarining soni qolgan hududlarga nisbatan 1,5-2 baravar kam.
Chortoq, Narpay, Urgut, Oltinsoy, O`rtachirchiq va Urganch tumanlarida aholini go`sht bilan ta`minlash darajasi 40 foizga etmasada, ushbu tuman hokimlari 2022 yilda aniq loyihalarni ishga tushirishni reja qilmagan.
️Shu sababli, viloyat hokimlariga bir oyda o`zgarish qilmagan tuman hokimlarini ishdan olish bo`yicha taklif kiritish topshirig`i berildi.






