Yig`ilishda chorva mahsuldorligini oshirish, naslchilikni yaxshilash, umuman, sohaga ilm va ilg`or tajribalarni joriy etishda Samarqand veterinariya medisinasi institutining roli kuchaytirilishi ta`kidlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu institut maqomi oshiriladi, unga veterinariya, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, qorako`lchilik va cho`l ekologiyasi ilmiy-tajriba institutlari biriktiriladi.
Institut va uning filiallari:
- barcha paxta, g`alla va chorvachilik klasterlariga biriktiriladi, ularga amaliy va metodologik ko`mak berib, pullik xizmatlar ko`rsatadi;
- aholi xonadonlarida qoramol, qo`y, echki, parranda va boshqa chorvani ko`paytirish, ozuqa ekinlarini ekish, chorva kasalliklarini oldini olish bo`yicha “mahallabay” ishlashni yo`lga qo`yib, aholi va fermerlarni qisqa muddatli kurslarda o`qitadi.
“Chorvanasl” agentligiga har bir tuman kesimida chorvachilikda naslchilikni yaxshilash bo`yicha uch yillik dastur ishlab chiqish va ijrosini ta`minlash topshirildi.
Yig`ilish yakunida belgilab berilgan vazifalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi.






