Turkiya Prezidenti Rajab Toyip Erdo`g`an Putin va Zelenskiy uchrashuvini tashkillashtirmoqchi. U Ukraina prezidenti bunga rozi bo`lganini ma`lum qilgan. Bu haqda Zamon xabar berdi.
Erdo`g`an bu haqda BAAdan qaytishida, jurnalistlar bilan suhbatida ma`lum qilgan:
"Janob Zelenskiy bilan ko`rishganimizda u Putin-Zelenskiy-Erdo`g`an formatidagi uch tomonlama uchrashuvga ijobiy qarashini bildirdi. Agar janob Putin ham bunga rozilik bildirsa, biz Istanbul yoki Anqarada uchrashishimiz mumkin. Hozir esa men telefon diplomatiyasi orqali uning bu bo`yicha munosabatini bilmoqchiman", — degan Erdo`g`an.
Turkiya prezidenti so`zlariga ko`ra, mintaqadagi urush — bu salbiy belgi.
"Bu mintaqa barqarorligi uchun zararli. Biz Putin bilan ham, Zelenskiy bilan ham doimiy aloqadamiz. Fikrimcha, keskinlikni yumshatish uchun bu jiddiy imkoniyat", – deb qayd etgan siyosatchi.






