Jahonda pandemiya to`lqinining keskin pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda. Ketma-ket rekord ko`rsatkichlari yangilanayotgan qator davlatlarda endi kasallanishlar dinamikasi ortga qayta boshladi.
JSSTning navbatdagi bayonotida keltirilishicha, o`tgan haftada dunyoda koronavirusga chalinish holatlari 19 foizga kamaydi. Ya`ni 7-13 fevral sanalari oralig`ida SOVID-19ni yuqtirganlar soni 16 million nafarga yaqinlashdi.
Tahlillar shuni ko`rsatadiki, pandemiya davri boshlanganidan buyon uning eng yuqori cho`qqisi shu yil yanvar oyi so`nggi haftasida kuzatildi. Bu davrda 22 million nafardan ortiq kishiga koronavirus tashxisi qo`yildi.
Fevral oyidan esa vaziyat yana o`nglana boshladi. Xususan, o`tgan haftada Sharqiy Osiyo va Okeaniya mamlakatlaridan tashqari deyarli barcha hududlarda kasallanishlar soni kamaydi.
Masalan, AQShda 10 yanvar kuni 1,4 milliondan ziyod kishida SOVID-19 infeksiyasi aniqlanib, antirekord qayd etilgan bo`lsa, keyingi kunlarda bu raqamlar qariyb 10 barobardan ziyod pasaygan.
Hindistonda ham bundan bir oy avval kuniga 300 ming atrofida bemor ro`yxatga olinayotgandi. Hozirga kelib sutkalik holatlar o`rtacha 30 mingtani tashkil etmoqda. Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya kabi qator Evropa mamlakatlari haqida ham shunday xulosalarni aytish mumkin.
Ammo bu hali xotirjamlik uchun asos bo`la olmaydi. Chunki ayrim davlatlarda kasallanishlar avj olmoqda. Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Gruziya shular sirasidan.
Qolaversa, JSST “omikron”ning subvarianti hisoblangan BA.2 mutasiyasi keng tarqalayotganidan jiddiy xavotirda. Chunki pandemiya to`lqini pasayayotgan bir paytda yangi turdagi mazkur infeksiya bilan kasallanish holatlari ortib boryapti.
Statistik ma`lumotlarga ko`ra, ayni paytda dunyo bo`yicha “omikron”ga chalinayotgan har besh nafar bemordan biri BA.2 mutasiyasini yuqtirmoqda. Bu esa emalanish jarayonini susaytirmaslik, aksincha yanada kuchaytirish lozimligini anglatadi.






