AsosiyJamiyat

Alohida diniy xodimlarning shaxsiy fikri rasmiy munosabatni ifoda etmaydi — Musulmonlar idorasi

'Alohida diniy xodimlarning shaxsiy fikri rasmiy munosabatni ifoda etmaydi — Musulmonlar idorasi'ning rasmi

So`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ba`zi imom domlalarning diniy e`tiqod mavzusida bildirgan fikrlari turli muhokamalarni keltirib chiqarmoqda. 

O`zbekiston Musulmonlari idorasi mazkur holatlarga o`z munosabatini bildirdi. 

Ta`kidlanishicha, alohida diniy xodimlarning shaxsiy fikri O`zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy munosabatini ifoda etmaydi.

Jamiyatda qonun ustuvorligini ta`minlash va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etishni O`zbekiston musulmonlari idorasi doimo qo`llab-quvvatlaydi. Ayni vaqtda diniy soha xodimlari ham o`rnatilgan qonun-qoidalarga so`zsiz amal qilib keladilar va shunday bo`lib qoladi.

Avval ma`lum qilinganidek, O`zbekiston musulmonlari idorasi ichki me`yoriy hujjatlari va buyruqlarida diniy soha xodimlariga jamoat oldida, ommaviy axborot vositalarida salbiy mazmundagi keskin munozaralarga sabab bo`luvchi chiqishlar qilmaslik talabi qat`iy belgilangan.

Zero, mehrob muqaddas joy bo`lib, bu erda voizning shaxsiy talqini asosida bildirilgan fikrlar dindorlar tomonidan fatvo sifatida qabul qilinadi.

Shu munosabat bilan bugun O`zbekiston musulmonlari idorasining Odob-axloq komissiyasi chaqirilib, so`nggi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo`layotgan masalalar ko`rib chiqildi. Yig`ilishda imom-xatiblarga jamiyatda ixtilof keltirib chiqaruvchi mavzularni masjid mehrobida turib muhokama qilmaslik, va`z-nasihatlarda odob-axloq, diniy-ma`rifiy qadriyatlarni asrab-avaylash, ibodatlarni to`g`ri va mukammal ado etish bo`yicha mo`min-musulmonlarga yo`l-yo`riq ko`rsatish haqida tushuntirish berildi.

Shuningdek, O`zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi barcha masjid xodimlari el-yurt manfaati va farovonligi yo`lida muqaddas dinimiz buyurgan amri ma`ruf va nahyi munkarda, jumladan, jamiyatda uchrab turadigan ayrim ijtimoiy illatlarga qarshi ma`rifiy targ`ibot olib borishda bardavom ekanini ma`lum qiladi hamda ushbu yo`nalishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik munosabatlari mavjudligini ta`kidlaydi.

Buning yorqin dalili sifatida shu kunlarda taniqli ulamolarimiz Toshkent shahridagi masjidlar va boshqa turli tashkilotlarda amalga oshirayotgan ma`rifiy-tarbiyaviy suhbatlarni misol keltirish mumkin.

O`zbekiston musulmonlari idorasi diniy soha xodimlarini jamoaviy va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarda amaldagi qonunchilikka rioya etishga, amri ma`ruf va nahyi munkarni Hazrati Payg`ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlari asosida olib borishga chaqiradi. Fuqarolardan esa bunday mavzularni g`arazli maqsadlarda ijtimoiy tarmoqlarda ommalashtirmaslikni so`raydi.

Mavzuga doir:

Diniy mavzu o`ta xassos... Shaxsiy qarashlaringizni ommaviy munosabat sifatida talqin qilmang — Din ishlari qo`mitasi

    Boshqa yangiliklar