Hukumat qarori (73-son, 16.02.2022 y.) bilan Chet tilini bilish darajasini aniqlash bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko`ra, 2022 yil 1 martdan:
- chet tilini bilish darajasini aniqlash, malaka sertifikati yoki ma`lumotnoma olish uchun test sinovida qatnashish bo`yicha murojaatlar YaIDXP (my.gov.uz) orqali qabul qilinadi;
- talabgordan 3,5 x 4,5 sm fotosurat va davlat xizmati uchun to`lovni tasdiqlovchi hujjat nusxasini talab qilish bekor qilinadi;
- imtihon o`tkaziladigan kunlar DTM saytida e`lon qilinadi va talabgorga imtihon kunini mustaqil tanlash huquqi beriladi;
- test natijalarini e`lon qilish muddati 3 haftadan 1 haftagacha qisqartiriladi;
malaka sertifikati yoki ma`lumotnoma natija e`lon qilingan kundan boshlab 1 ish kunida talabgorga yuboriladi.
Amaldagi har bir daraja (A2, V1, V2, S1) uchun alohida imtihon topshirish tartibiga qo`shimcha umumlashtirilgan ko`p darajali (Multi-level) test tizimi (V1, V2, S1) joriy qilinadi.
Multi-level test tizimi 2022 yil 1 martdan – ingliz tili uchun, 2022 yil 1 noyabrdan – nemis, fransuz va arab tillari uchun joriy etiladi.
Reglamentga muvofiq, chet tilini bilish darajasini aniqlash bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishda talabgor so`rovnomani mustaqil ravishda YaIDXP orqali to`ldiradi.
So`rovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
So`rovnoma YaIDXP orqali avtomatik tarzda DTM (vakolatli organ)ga yuboriladi.
DTM talabgorlarni malaka imtihonini o`tkazish joyi va aniq vaqti to`g`risida imtihon sanasidan 3 kun oldin xabardor qiladi.
Chet tilini bilish darajasi test sinovi, yozma ish va gapirish ko`nikmasini baholash yo`li bilan aniqlanadi.
Malaka imtihoni qog`ozlarda yoki kompyuterda o`tkazilishi mumkin.
Imtihon topshirishda talabgor pasport, ID-karta yoki tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomaning aslini taqdim etadi.
Malaka imtihonining har bir daraja uchun o`tkaziladigan test sinovi:
● “tinglab tushunish”, “o`qish” bo`limlarining har biri 30 ta savoldan;
● “yozma ish” bo`limi 2 ta yozma topshiriqdan (darajaga bog`liq holda birinchi topshiriq – 30-150 ta so`zdan, ikkinchi topshiriq – 50-250 ta so`zdan);
● “gapirish” bo`limi topshiriqlarning 3 ta turidan iborat bo`ladi.
Reglament 2022 yil 1 martdan kuchga kiradi.






