Hukumat qarori bilan Hokim yordamchilari faoliyatini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Jamg`armaning ijrochi organi hisoblanadi.
Jamg`arma mablag`laridan, jumladan, quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
- hokim yordamchilari ish haqining avvalgi ish joyi bo`yicha o`rtacha oylik ish haqi miqdoridan kam bo`lgan qismini kompensasiya qilish;
- boshqa hududlardan kelib ishlayotgan hokim yordamchilari va respublika vakillari uchun turar joy ijarasi xarajatlari uchun kompensasiya to`lash (BHMning 2 baravari miqdorida – 540 ming so`m);
- ish faoliyatida yaxshi natijalarga erishgan hokim yordamchilari va respublika vakillarini har oyda mukofotlash;
- o`z shaxsiy avtomobilidan foydalanayotgan respublika vakillarining transport xarajatlarini kompensasiya qilish;
- respublika vakillarining bir oyda bir marta doimiy yashash joyiga temir yo`l transportida borib kelishi uchun kompensasiya to`lash (“ekonom” tarifi bo`yicha xarajatlarning 100 foizi, “biznes” tarifi bo`yicha xarajatlarning 70 foizi (samolyotda uchish bundan mustasno);
- yil yakuni bo`yicha o`ziga biriktirilgan hududda yuqori natijalarga erishgan respublika vakillariga va hokim yordamchilariga ipoteka krediti asosida uy-joy xarid qilish uchun subsidiya to`lash (uy-joy qiymatining 50 foizigacha, biroq 150 million so`mdan oshmagan miqdorda);
- “Yangi O`zbekiston islohotchisi” ko`krak nishoni bilan mukofotlanganlarni taqdirlash (BHMning 5 baravari miqdorida bir yo`la to`lanadigan pul mukofoti – 1 mln 350 ming so`m).
Nizomga ko`ra shuningdek, hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish va baholab borish imkonini beruvchi “Onlayn mahalla” elektron platformasiga qarab quyidagi miqdorlarda oylik mukofot puli to`lanadi:
- qoniqarli deb topilganda – oylik ish haqining 15 foizi miqdorida;
- yaxshi deb topilganda – oylik ish haqining 30 foizi miqdorida;
- a`lo deb topilganda – oylik ish haqining 50 foizi miqdorida.






