AsosiyJamiyat

SSV: O`zbek shifokorlari Markaziy Osiyoda ilk bor qizilo`ngach atreziyasi bilan tug`ilgan chaqaloqlarda tig`siz jarrohlik amaliyoti o`tkazdi

'SSV: O`zbek shifokorlari Markaziy Osiyoda ilk bor qizilo`ngach atreziyasi bilan tug`ilgan chaqaloqlarda tig`siz jarrohlik amaliyoti o`tkazdi'ning rasmi

Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya o`quv-davolash-metodik markazida yangi tug`ilgan chaqaloqlarda ko`plab murakkab operasiyalar o`tkazib kelinmoqda. Mazkur amaliyotlarning ahamiyati shundaki, ular bola tug`ilishi bilan bajarilmasa, go`dakning kelgusi hayoti xavf ostida qoladi

Muassasada xuddi shunday jajji bemorlarning ikki nafari o`ta murakkab jarrohlik muolajasidan so`ng sog`ayib, hayotga qaytdi. Ularning ikkisi ham tug`ma qizilo`ngach atreziyasi bilan dunyoga kelgan. Avvallari bunday operasiyalar chet ellik mutaxassislar bilan hamkorlikda amalga oshirilar edi. Bu gal qizilo`ngach atreziyasining torakoskopik amaliyoti mahalliy shifokorlar tomonidan ilk bor mustaqil o`tkazildi.

— Ayrim chaqaloqlarda qizilo`ngachning berk bo`lishi, umuman bo`lmasligi yoki o`pkaga borib ulanishi kabi holatlar uchraydi, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev. — Yaqin yillargacha yurtimizda qizilo`ngach atreziyasi bilan tug`ilgan chaqaloqlarni saqlab qolish imkoni bo`lmagan. Keyinchalik bunday dard bilan tug`ilgan go`daklarni operasiya orqali davolay boshladik. Ammo o`sha paytda bunday amaliyotlar kesish yo`li bilan bajarilgan. 

Yaqindan boshlab Rossiyaning Irkutsk bolalar klinik shifoxonasi xirurgi Yuriy Kozlov bilan hamkorlikda qizilo`ngach atreziyasini torakoskopik usulda, ya`ni tig` tekkizmasdan operasiya qilishni boshladik. O`tgan yilning 29 va 31 dekabr — Yangi yil oqshomida xuddi shu xastalik bilan tug`ilgan chaqaloqlarni operasiya qildik. Qariyb 4 soat davom etgan murakkab amaliyot natijasi nafaqat bemorning oilasi, balki biz, shifokorlar uchun ham juda muhim edi. Chunki yuqori texnologik noyob operasiyani ilk bor mustaqil amalga oshirgandik. 

Ta`kidlanishicha, torakoskopik usuldagi xirurgik amaliyotdan so`ng chaqaloqlarning to`liq sog`ayishi juda tez kechdi. Shu sababli qashqadaryolik M. Ravshanova va namanganlik N. To`ychieva tug`ma kasallik bilan dunyoga kelgan farzandlarini qisqa muddatda bag`riga oldi

— O`g`limga Rahmatullo deb ism qo`ydik, — deydi N. To`ychieva. — Uzoq davom etgan jarrohlik amaliyoti natijasini hadik bilan kutdik. Endigina dunyo yuzini ko`rgan farzandining operasiya stoliga yotqizilishi ona uchun og`ir. Bu sinov hech kimning boshiga tushmasin. Amaliyotdan keyin kelajakda hech qanday asorat qolmas ekan. Qo`li engil shifokorlarimizdan minnatdorman. 

Professor B. Ergashevning ta`kidlashicha, bunday murakkab kasalliklarning tug`uruqdan oldin aniqlanishi undan xalos bo`lishning asosiy omilidir. Neonatal xirurgiyaning mohiyati shundaki, u xastalikni bola dunyoga kelgan ilk kunlardayoq oldini oladi. 

Shu o`rinda ta`kidlash joizki,  o`zbek neonatal xirurgiyasi Markaziy Osiyo davlatlaridan, hatto Rossiyaning ayrim hududlaridan ham yuqori saviyada ekani e`tirof etilmoqda.

Xususan, qizilo`ngach atreziyasining torakoskopik operasiyasi dunyoning sanoqli davlatlarida, faqatgina o`ta malakali xirurglar tomonidan amalga oshiriladi. 

Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya o`quv-davolash-metodik markazi mutaxassislari esa o`tgan yilning o`zida 6 ta ana shunday yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini o`zlashtirdi. Bu esa nafaqat markazning, balki milliy tibbiyotimizning katta yutug`idir.

    Boshqa yangiliklar