AsosiyJamiyat

Prezident Toshkentdagi qandolat korxonasi faoliyati bilan tanishdi

'Prezident Toshkentdagi qandolat korxonasi faoliyati bilan tanishdi'ning rasmi

Davlatimiz rahbari mahallalar hayoti, sanoat loyihalari bilan tanishish maqsadida Toshkent shahri Yangihayot tumanida bo`lib turibdi.

Prezidentimiz dastlab «Almerro grup» mas`uliyati cheklangan jamiyatining qandolat korxonasini ko`zdan kechirdi.

Umumiy qiymati 70 milliard so`m bo`lgan ushbu korxona ikki bosqichdan iborat. O`tgan yili noyabrda birinchi bosqichi ishga tushirilgan. Yangi bino qurilib, Turkiyadan zamonaviy texnologiyalar keltirib o`rnatilgan. 

Bugungi kunda korxona yiliga 2 ming tonnaga yaqin qandolat mahsulotlari tayyorlash quvvatiga ega. Bu erda shokolad, konfet, pechene, vafli kabi 95 turdagi mahsulot ishlab chiqariladi. 120 kishi ish bilan ta`minlangan.

Davlatimiz rahbari qandolat mahsulotlari sifatini ko`rdi. 

- Sifati yaxshi, chet elniki bilan bemalol raqobatlasha oladi. Faqat narxni tushirish bo`yicha yana imkoniyat bor. Masalan, import qilinayotgan qo`shimchalarni xomashyo shaklida olib, shu erning o`zida tayyorlash yo`lga qo`yilsa, tannarxni 10-15 foiz arzonlashtirish mumkin. Shunda mahsulotlar yaxshi sotilib,  qo`shimcha ish o`rinlari ochish imkoniyati paydo bo`ladi, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Korxonaning ikkinchi bosqichi foydalanishga topshirilganidan so`ng yillik quvvat 10 ming tonnaga etadi. Mahsulotlarning bir qismini qo`shni davlatlar va Mo`g`ulistonga eksport qilish mo`ljallangan.

    Boshqa yangiliklar