Avval xabar qilganimizdek, 2022 yil 28 yanvar kuni jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudining ish yurituviga arizachi B. Bomuradovning huquqbuzarlar F. Sulaymanov va Sh. Zoitovaga nisbatan O`zganing tovar belgisidan, xizmat ko`rsatish belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanayotgani yoxud o`zganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanayotgani, asarlardan yoki turdosh huquqlar ob`ektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanayotgani to`g`risidagi arizasi kelib tushgan.
Ayni paytda mazkur sud ishi bo`yicha ma`lumot berildi.
Arizada keltirilishicha, Intellektual mulk agentligiga 2021 yil 16 dekabr kuni arizachi B. Bomuradovdan unga tegishli bo`lgan “Farxod va Shirin” tovar belgisidan F. Sulaymanov va Sh. Zoitova huquqiy egasining roziligisiz foydalanayotganligi yuzasidan tegishli chora ko`rish to`g`risidagi murojaat tushgan. Unga asosan, 13 dekabr kuni B. Bomuradovga “Farhod va Shirin” so`z ko`rinishidagi tovar belgisi uchun tovarlar va xizmatlar xalqaro tashifining 35, 41-sinflariga muvofiq MGU 43187-son guvohnoma berilganligi aniqlangan. Guvohnomaning muddati 2031 yil 15 noyabrga qadar amal qilishi belgilangan. F. Sulaymanov va Sh. Zoitova tomonidan Agentlikka “Farhod va Shirin” so`zli yoki shu so`zlar ishtirokidagi tovar belgisini ro`yxatdan o`tkazish uchun talabnoma topshirilmagan. F. Sulaymanov va Sh. Zoitova tomonidan o`z xonandalik faoliyatida foydalanilayotgan “Farxod va Shirin” so`zi arizachi B. Bomuradovga tegishli bo`lgan MGU 43187-son “Farhod va Shirin” tovar belgisi bilan ham fonetik ham semantik jihatdan o`xshashligi aniqlangan.
Bundan tashqari, F. Sulaymanov va Sh. Zoitova tomonidan 2021 yil 16 dekabr kuni “Turkiston” san`at saroyida bo`lib o`tgan konsertda arizachi B. Bomuradovga tegishli “Qalbim bahori” va “Hayot” nomli she`riy asarlar muallif bilan tegishli yozma shartnoma tuzmasdan, huquqiy egasining ruxsatisiz barchaning e`tiboriga etkazilganligi va omma oldida ijro etilganligi aniqlangan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudining 2022 yil 14 fevraldagi qaroriga ko`ra, F. Sulaymanov va Sh. Zoitovaga Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 177-moddasi (O`zganing tovar belgisidan, xizmat ko`rsatish belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud o`zganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish) 1-qismi, 177-1-moddasi (Mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish) 1-qismi bilan ushbu Kodeksning 34-moddasi tartibida bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida, ya`ni 1 350 000 so`m jarima jazosi tayinlanganligi ma`lum qilinadi.






