AsosiyDunyo

“Omikron”ning yangi mutasiyasi o`pkaga “zarba” bermoqda — yapon olimlari

'“Omikron”ning yangi mutasiyasi o`pkaga “zarba” bermoqda — yapon olimlari'ning rasmi

Olimlar “omikron”ning yangi VA.2 subvarianti keng tarqala boshlaganidan jiddiy tashvishda, deya xabar bermoqda SSV Matbuot xizmati. Tahlillarga ko`ra, mazkur mutasiya hozirgacha 60 ga yaqin mamlakatda aniqlangan.

Xo`sh, mutaxassislarni ko`proq nima xavotirga solmoqda? Gap shundaki, koronavirusning ushbu yangi turi hozirgi odatiy “omikron”dan keskin farqlanadi. Avvalo, ushbu virus mutasiyasiga tashxis qo`yish birmuncha murakkab. Shu sababli u allaqachon “ko`rinmas shtamm” deya nom olib ulgurdi.

Qolaversa, yuqumlilik darajasi ancha yuqori. Inson organizmidagi antitanachalar hujumlariga “chap berish”ga qodir. Eng yomoni, unga chalinganda kasallik nisbatan og`ir asoratlar bilan kechishi mumkin. Yapon olimlari o`tkazgan tadqiqot natijalari buni tasdiqladi.  

Unga ko`ra, “omikron”ning VA.2 turida ko`proq “delta” shtammiga xos xususiyatlar namoyon bo`lmoqda. Ya`ni, mazkur subvariant endi yuqori nafas yo`llarigagina emas, balki insonning nozik a`zosi — o`pkasiga “zarba” bermoqda.  

Yana bir fakt: rossiyalik taniqli epidemiolog Elena Gasichning ta`kidlashicha, “omikron”ning hozirgi an`anaviy turi bilan xastalanganda, asosan shamollash, ya`ni O`RVI belgilari namoyon bo`lsa, VA.2 variantida ta`m va hid bilish qobiliyati yo`qolishi kuzatilyapti. Bundan tashqari, kasallik oshqozon-ichak faoliyati buzilishi bilan ham kechmoqda.

Shunga qaramay, Jahon Sog`liqni saqlash tashkilotining Rossiyadagi maxsus vakili Melita Vuynovich shu yil koronavirus pandemiyasi tugashi mumkinligini ma`lum qildi.  

Uning so`zlariga ko`ra, pandemiya nihoyalanishi odamlar endi COVID-19ga chalinmasligini anglatmaydi. Faqat infeksiyani yuqtirish ko`rsatkichlari keskin kamayib, o`sish dinamikasi qayd etilmaydi.  

"Kasallanganlar soni ko`pligi virusning mutasiyaga uchrash imkoniyatiga egaligini bildiradi, — deydi JSST maxsus vakili. — Shu sababli hozir epidemiologik vaziyat kelgusida qanday tus olishini aniq bilmaymiz. Biroq, SOVID-19 butun dunyoni aylanib chiqqach, yirik epidemiyalar tugaydi, degan taxminlar bor".

 

    Boshqa yangiliklar