Kecha, seshanba kuni Vashingtonda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba va AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Unda Ukrainani qo`llab-quvvatlash mavzusi muhokama qilingan. Bu haqda TASS yozmoqda.
"Biz davlat kotibi bilan Ukrainani xalqaro miqyosda himoya qilish bo`yicha qadamlarni muhokama qildik. Ukrainani qo`llab-quvvatlash uchun Ikkinchi jahon urushi davrida qo`llanilgan Lend-Liz dasturiga o`xshash dasturni taklif qilamiz",- deydi Kuleba Blinken bilan uchrashuv yakunlari bo`yicha matbuot anjumanida.
Vazirning so`zlariga ko`ra, bunday dastur Ukraina mudofaasidagi chidamlilik va samaradorlikka yordam beradi.
Lend-Liz — bu davlat dasturi bo`lib, unga ko`ra Amerika Qo`shma Shtatlari xuddi Ikkinchi Jahon urushidagi kabi ittifoqchilarini o`q-dorilar, asbob-uskunalar, oziq-ovqat, tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlar, strategik xom ashyo, shu jumladan neft mahsulotlari bilan ta`minlaydi.
Kiev rasmiylariga ko`ra, Ukraina o`ziga tahdid solayotgan Rossiya bilan urushga allaqachon tayyor.
"Bizda turli rejalar bor. "A" rejasi - Rossiyani ushlab turish va keyingi tajovuzdan qochish uchun barcha diplomatik vositalardan foydalanish va "B" rejasi - har bir qarich shaharlarimiz, hududimiz uchun kurashish va g`alaba qozonguncha to`xtamaslik", -deydi Ukraina tashqi ishlar vaziri.
U Rossiyaning Ukrainaning NATOga kirish istagi Rossiya Federasiyasi uchun xavf tug`dirishi haqidagi bayonotlarini "bahona" deb atadi. Ukraina tashqi ishlar vazirligi rahbarining so`zlariga ko`ra, Rossiya ularni ayblash uchun sabab topmoqchi.
Kuleba Ukraina hech qachon DXR va LXR suverenitetini tan olmasligini aytdi.
"Kecha prezident Vladimir Putin Ukraina erlarining ikki qismini mustaqil tuzilmalar sifatida tan oldi. Ukraina hech qachon bunday bema`nilikni tan olmaydi, dunyo ham buni tan olmaydi", - dedi Kuleba.
Uning fikricha, Donesk va Lugansk xalq respublikalarining mustaqilligini tan olish bilan Rossiya go`yoki Ukrainadagi qurolli mojaro uchun o`z mas`uliyatni olgan.
Dilbar Abdunabieva






