AsosiyJamiyat

1 martdan boshlab fuqarolarga ochiq havoda niqob taqmaslikka ruxsat beriladi

'1 martdan boshlab fuqarolarga ochiq havoda niqob taqmaslikka ruxsat beriladi'ning rasmi

Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig`ilishida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamayayotgani bois avval joriy etilgan muayyan cheklovlarni olib tashlash masalalari ko`rib chiqilmoqda. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ma`lum qildi.

So`nggi kunlarda yanvar oyiga nisbatan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga mo`ljallangan maxsus 1 va 2-son Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonalariga bemorlar gospitalizasiyasi 7 baravarga kamaygan.

2022 yil yanvar oyida “103” tez tibbiy yordam xizmatiga kunlik chaqiriqlar soni respublika bo`yicha 34 mingta bo`lgan bo`lsa, ushbu ko`rsatkich oxirgi kunlarda 20 mingtani tashkil etmoqda. Ya`ni, deyarli 1,5 barobarga kamaydi.

Bugungi kunda kasallikning tarqalganlik darajasi 0,4 ni tashkil etmoqda. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ekspertlari xulosasiga ko`ra, bu ko`rsatkich 1,0 gacha bo`lsa, vaziyat barqarorligini anglatadi.  

Xorijiy ommaviy axborot vositalarining tarqatayotgan xabarlariga ko`ra, bugungi kunda aksariyat mamlakatlar koronavirus infeksiyasini endemik kasallik sifatida tan olib, asosiy cheklovlarni, hatto niqob taqish tartibi va COVID-19 pasportlarini bekor qilish niyatida ekanini ma`lum qilmoqda.

Shu bilan birga, Evropa davlatlari aholini emlash jarayonini kuchaytirishni taklif etmoqda.  

Eslatib o`tamiz, COVID-19 ga qarshi emlash tadbirlari uchun olib kelingan va mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan vaksinalar soni 53,7 mln. dozani (7 turdagi) tashkil etmoqda. Shuningdek, O`zbekistonda 18,1 mln. doza vaksina ishlab chiqarildi.  

Yuqoridagi ma`lumotlardan kelib chiqib, joriy yilning 1 martidan boshlab fuqarolarning ochiq havoda niqob taqmasligiga ruxsat berildi.

Shuningdek, epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda fuqarolarning ijtimoiy masofasini ta`minlash qiyin bo`lgan joylarda:  

  • jamoat transportida,  
  • yirik savdo do`konlarida,  
  • ta`lim muassasalarida,  
  • davlat va nodavlat idoralarida,  
  • masjidlar, teatr, kinoteatr, muzey, san`at saroylari, maishiy xizmat ko`rsatish muassasalari va boshqa odamlar gavjum joylarda niqob taqish tavsiya etildi.

Sog`liqni saqlash muassasalarida tibbiyot xodimlarining, ular koronavirus bilan kasallanganlar bilan aloqada bo`lishidan qat`i nazar, niqob taqishi talabi saqlab qolindi.

    Boshqa yangiliklar