AsosiyJamiyat

Uy tuxumi degan tushuncha yo`q — bu ayyorona marketing hiylasi

'Uy tuxumi degan tushuncha yo`q — bu ayyorona marketing hiylasi'ning rasmi

Barchamiz uyda boqilgan tovuq tuxumlarini tabiiy mahsulot sifatida qabul qilgan holda xarid qilamiz. Xususan, “uy tuxumi” parrandachilik fermasidan olingan tuxumlarga nisbatan birmuncha xaridorgir. 

O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan olib borilgan o`rganishlar jarayonida Toshkent shahridagi bitta savdo tarmog`ida odatdagidan qimmatroq bo`lgan “uy tuxumi”ning sotilish holatlari aniqlandi.

Qizig`i shundaki, supermarketda sotilayotgan mazkur tuxumning qadoqlangan tarasida ishlab chiqaruvchi, saralash vaqti, saqlash sanalari haqida hamda “uy tuxumi”ekanligini asoslovchi ma`lumotlar mavjud emas.Toshkent shahar savdo tarmog`ining bunday ayyorona marketing hiylasi iste`molchini aldashga olib kelishi tabiiy, albatta.

Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste`molchiga o`zi realizasiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o`z vaqtida zarur, to`g`ri va tushunarli ma`lumot berishi shart. (Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi Qonun). Amaldagi davlat standarti (O`R. O‘z DSt 629:2014) “Oziq-ovqat uchun tovuq tuxumi” (Yaysa kurine pisheve) bo`yicha: saqlash muddatiga ko`ra parxez va oshxona turlariga bo`linadi. Bundan kelib chiqadiki, davlat standartida “uy tuxumlari” tushunchasi va atamasi mavjud emas.

Aslida qadog`ida qanday ma`lumotlar bo`lishi kerak:
– Ishlab chiqaruvchining nomi va joylashgan joyi (yuridik manzili);
– ishlab chiqaruvchining tovar belgisi (agar mavjud bo`lsa);
– saralash vaqti
– yaroqlilik muddati va saqlash shartlari;
– ozuqaviy qiymati;
– sertifikatlash ma`lumotlari.
– amaldagi standartning belgilanishi;
– respublika hududida ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun «O’ZBEKISTONDA ISHLAB CHIQARILGAN», eksport uchun esa – «MADE IN UZBEKISTAN» degan yozuv.

Agentlik tomonidan savdo markazi ma`muriyatiga yuqoridagi holat bo`yicha to`liq tushuntirish berish, sotilayotgan mahsulotning turi (uy, parxez va oshxona)ni tasdiqlovchi (gigienik xulosa, muvofiqlik sertifikati) kabi hujjatlar asosida ishlab chiqarilgan tuxum mahsulotlari haqida to`liq ma`lumotlarni taqdim etish talabi bilan so`rov yuborildi.

Dastlabki o`rganish natijalariga ko`ra, Agentlik “uy tuxumi”ning kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emas, degan taxminga kelgan, sababi savdo tarmog`i ma`muriyati ushbu mahsulotlarni chakana savdo nuqtalaridan to`liq olib qo`yilganligi to`g`risida ma`lumot berish bilan cheklangan, xolos.

    Boshqa yangiliklar