AsosiySport

Sport kurashlari: Istanbul turnirining ilk kunida vakillarimiz chiqishi haqida ma`lumot berildi

'Sport kurashlari: Istanbul turnirining ilk kunida vakillarimiz chiqishi haqida ma`lumot berildi'ning rasmi

Shu kunlarda Turkiyaning Istanbul shahrida sport kurashlari bo`yicha yilning dastlabki reyting turniri bo`lib o`tmoqda.

Kecha o`tkazilgan musobaqaning birinchi kunida yunon-rum kurashchilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Ular terma jamoamiz hisobiga 3ta oltin va yana bitta bronza medalini qo`shib qo`ydi. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi xabar berdi. 

Dastavval -63 kg vazn toifasidagi hamyurtimiz Islomjon Bahromov final bellashuvida moldovalik jahon chempioni Viktor Chiobanuga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Nomdor raqibini 9-0 hisobida mag`lub etgan Bahromov Istanbul reyting turniri g`olibiga aylandi.

Shuni alohida ta`kidlash kerak, Islomjon finalga qadar ozarbayjonlik Taleh Mammadovni 8-2, turkiyalik Rahman Bilichini 9-6, qirg`izistonlik Dastan Kadirovni 9-1 hisobida taslim etdi.

Yana bir kurashchimiz Mahmud Baxshilloev ham musobaqaning oltin medalini qo`lga kiritdi. U -67 kg vazn toifasida hal qiluvchi final bahsida norvegiyalik Morten Toresenga qarshi bahs olib bordi va raqibini 5-2 hisobida dog`da qoldirdi.

Buxorolik polvonimiz ham finalga qadar turkiyalik polvonlar Furkan Sonkurni 8-1 hamda Volkan Chakilni 5-1, Furkan Yildizni esa 4-3 hisobida mag`lubiyatga uchratdi.

Eng tajribali “klassigimiz” Rustam Assakalov esa -97 kg vazn toifasida chempionlik shohsupasiga ko`tarildi. U finalda finlyandiyalik Arvi Martin Savolaynenni 5-1 hisobida dog`da qoldirdi.

Assakalov finalga qadar italiyalik Nikoloz Kaxelashvili, turkiyalik Abdul Kader, litvalik Vilius Laurinatis va norvegiyalik Feliks Baldaufni ishonchli tarzda mag`lubiyatga uchratdi.

Va nihoyat yana bir vakilimiz, uchta Olimpiya o`yinlari ishtirokchisi, musobaqaning 130 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Mo`minjon Abdullaev bronza medaliga sazovor bo`ldi. Abdullaev qozog`istonlik Alimjan Sizdikovga qarshi bahs olib bordi va raqibini 4-1 hisobida mag`lubiyatga uchratdi.

Mo`minjon bronza medali yo`lidagi o`tish bahsida finlyandiyalik Konsta Maeinpaini 5-1 hisobida taslim etgan edi. Musobaqa davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar