AsosiyJamiyat

O`zbekistonda kiber makonda sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi

'O`zbekistonda kiber makonda sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi'ning rasmi

Bugungi kunda global axborot maydonida kiber makon bilan bog`liq yangidan-yangi tahdidlar yuzaga kelmoqda. Shu bois virtual olamdagi hujumlardan himoyalanish masalasi dunyo hamjamiyatini jiddiy tashvishga solmoqda. Bu haqda IIV Akademiyasi Axborot xizmati xabar berdi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o`tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiya kiber makonda sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashishning dolzarb muammolariga bag`ishlandi. Anjumanda qator vazirlik, idora va tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, etakchi oliy ta`lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlaridan mutaxassislar, axborot texnologiyalari bo`yicha ekspertlar, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tahlillarga ko`ra, dunyo bo`ylab har yili 500 milliondan ortiq kiber hujumlar uyushtiriladi. Har soniyada 12 nafar insondan biri kiber makonda sodir etilgan hujumlar qurboniga aylanadi. Amerika Qo`shma Shtatlari, Fransiya, Angliya, Germaniya, Belgiya, Lyuksemburg kabi rivojlangan davlatlarda jinoyatlarning 60-65 foizi kiber hujumlar orqali sodir etilmoqda. O`zbekistonda ham so`nggi uch yilda bu turdagi jinoyatlar 8,3 baravarga ko`payib, hozirda umumiy jinoyatchilikning qariyb 5 foiziga etgan. Xususan, noqonuniy bank-moliya operasiyalari orqali o`zgalarning plastik kartadagi mablag`larini o`zlashtirish, zararli viruslar tarqatish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan onlayn o`yinlar, diniy aqidaparastlikka qaratilgan axborot xurujlari, onlayn savdo maydonidagi firibgarlik jinoyatlari ko`payib bormoqda.

Achinarlisi, axborot texnologiyalari yordamida huquqbuzarlik va jinoyatga qo`l urgan shaxslar orasida yoshlar ko`pchilikni tashkil etmoqda. Respublikamizda virtual olamdagi qonunbuzilishlarning aksariyati 16-23 yosh oralig`idagi o`smir-yoshlar tomonidan sodir qilinmoqda. Bundan ko`rinib turibdiki, kiberxavfsizlikni ta`minlash masalasi bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

– Mamlakatimizda axborot xavfsizligi masalasiga davlat siyosati darajasida e`tibor qaratilib, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning yangi yondashuvlari amaliyotga joriy qilinmoqda, – dedi IIV Akademiyasi boshlig`i Rustam Xatamov. – Chunki virtual olamdagi jinoyatlarning zarari va xavfi real olamdagi tahdiddan oshib borayotganiga guvoh bo`lyapmiz. Bu borada «Kiberxavfsizlik to`g`risida»gi yangi qonunning qabul qilinayotgani sohani davlat tomonidan tartibga solishga, mamlakatimiz axborot tizimlari va tarmoqlariga noqonuniy aralashishning oldini olishga xizmat qiladi.

 

Ekspertlar tomonidan kiberjinoyatlarga qarshi kurashishning zamonaviy tendensiyalari, internet tarmog`i orqali sodir etilayotgan qonunbuzilishlarning oldini olish, sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlash, axborot texnologiyalaridan foydalanib amalga oshirilgan jinoyatlarni kriminalistik tadqiq etish, fosh etish va tergov qilishning o`ziga xos xususiyatlari, kiberxavfsizlikni ta`minlashda davlat idoralari va xususiy sektorlar hamkorligini muvofiqlashtirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek xorijiy davlatlarning kiber jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi bo`yicha malakali mutaxassislarini tajriba almashishga jalb etish, kiberxavfsizlikni ta`minlashga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, Ichki ishlar vazirligi akademiyasining imkoniyatlaridan foydalanib kelgusida ushbu turdagi jinoyatlarni fosh etish va tergov qilish bo`yicha alohida ixtisoslik yo`nalishi tashkil etib, malakali mutaxassis kadrlarni tayyorlash yuzasidan takliflar o`rtaga tashlandi.

Anjuman so`nggida mazkur sohada o`zaro tajriba almashishni yo`lga qo`yish va kadrlar salohiyatini rivojlantirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki hamda Toshkent shahridagi Inha universiteti bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi.

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar