“Charm-poyabzal va mo`ynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo`llab-quvvatlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–143-son, 26.02.2022 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga muvofiq, 2026 yilgacha charm-poyabzal, jun va mo`ynachilik eksporti 2,8 baravarga ko`paytiriladi.
Tuman (shahar)larda terini qayta ishlashga hamda tayyor charm-poyabzal va mo`yna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari tashkil qilinadi.
Kichik sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari bilan ta`minlash uchun 2022-2023 yillarda 90 mlrd so`m mablag` ajratiladi.
Charm-poyabzal va mo`ynachilik sohalaridagi investisiya loyihalarini moliyalashtirish uchun banklarga 60 mln AQSh dollari miqdoridagi kredit liniyasi ochiladi.
Banklar tadbirkorlarga yangi uskuna va texnologiyalarni olish uchun 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatgacha 5 foiz stavkada kreditlar ajratadi.
Qarorga ko`ra, charm-poyabzal, mo`ynachilik sohasi korxonalari va chorva mollarini so`yish va terini qayta ishlovchi tashkilotlar uchun soliq va bojxona to`lovlari bo`yicha imtiyozlar 2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvargacha uzaytirildi.
2022 yil 1 apreldan 2025 yil 1 yanvargacha quyidagilar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz undiriladi:
- yalpi tushumda bolalar, ayollar va sport poyabzallari, sun`iy (eko) charm, furnitura, poyabzal qoliplari va tagliklari tushumning kamida 60 foizni tashkil qilgan ishlab chiqaruvchilar;
- yalpi tushumining umumiy hajmida poyabzallar, charm-attorlik mahsulotlari va mo`ynadan tayyorlangan buyumlar eksportidan tushgan tushumning hajmi 80 foizni tashkil qilgan ishlab chiqaruvchilar.






