Amerikaning dunyoga mashhur “Ralph Lauren” modalar uyi o`zbek milliy naqshlari aks etgan ikatdan ilhomlanib yaratilgan 2022 yil bahori uchun yangi to`plamni taqdim etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
O`zbekistonning AQShdagi elchixonasi ma`lumotiga ko`ra, amerikalik dizaynerlar ikatning qo`lda tayyorlangan noyob bosmalari bahorga dadil qarashni ifodalovchi yangi mavsumning o`ziga xos ajoyib motividir, deya ta`kidlashmoqda.
«Ralph Lauren» dizaynerlarining fikricha, ikat bosmalarida boqiy suratlar aks etgan bo`lib, ushbu matodan tikilgan liboslarda yangi betakror tasvirlarni ko`rish mumkin.
Ayni o`rinda shuni ham qayd etish joizki, ikat, xon-atlas, adras kabi milliy matolar dunyoning, shu jumladan AQShning mashhur kutyurelari, moda uylari, dizaynerlari va rassomlarini hamisha ilhomlantirib kelgan. Xususan, 2018 yil Frir san`at galereyasi va Jorj Vashington universitetining to`qimachilik muzeyida Markaziy Osiyo ikatiga bag`ishlangan ikkita yirik to`qimachilik ko`rgazmasi o`tkazildi. Ko`rgazmaga tashrif buyurganlar, ayniqsa, moda sanoati vakillari qo`lda tayyorlangan ikatning go`zalligidan qoyil qolib, ushbu matodan tikilgan kiyimlar moda dizaynerlariga yangi nafis va zamonaviy tasvirlarni yaratishga ilhom bag`ishlashini ta`kidladi.
Muxtasar qilib aytganda, ko`p yillardan buyon kiyim-kechak va mebel sanoatida foydalanib kelinayotgan ikat yoki undan tayyorlangan bosmalar AQSh zamonaviy dizaynerlik san`atining muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda. Bugungi kunda Amerika Qo`shma Shtatlarida ikat aks etgan yostiq, telefon g`ilofi, ryukzak va boshqa ko`plab mahsulotlarni xarid qilish mumkin.
Eslatib o`tamiz, «Ralph Lauren» 1967 yil dizayner Ralf Loren tomonidan asos solingan kiyim-kechak, aksessuarlar, parfyumeriya, mebel va boshqa premium uy-ro`zg`or buyumlari brendi hisoblanadi. Bugungi kunda kompaniya 530 ta chakana savdo do`koni va 654 ta konsessiya do`konini bevosita, shuningdek 139 ta «Club Monaco» do`konini lisenziyalangan sheriklar orqali boshqarib kelmoqda. «Ralph Lauren» kompaniyasi tizimida 25 ming xodim mehnat qiadi, 2021 yil uning yillik daromadi 4,4 milliard AQSh dollarini tashkil etgan.






