2022 yil 26-27 fevral kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo`lib o`tgan Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo`mitasining navbatdagi yig`ilishida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Parlamentlararo Ittifoq Vise-prezidenti Akmal Saidov ishtirok etdi va so`zga chiqdi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta`minlashda parlamentlar rolini oshirish to`g`risidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish taklifini ilgari surgandi. Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo`mitasi yig`ilishida davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusi qo`llab-quvvatlandi.
Shuningdek, Jahon milliy parlamentlari ayol spikerlarining 14-sammitini joriy yilda O`zbekistonda Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda o`tkazish masalasi yig`ilish ishtirokchilari tomonidan ma`qullandi. Mazkur sammitning O`zbekiston, umuman, Markaziy Osiyoda ilk bor o`tkazilishi jahon hamjamiyati tomonidan mamlakatimizning parlamentarizmni rivojlantirish borasidagi natijalari, gender siyosatda erishgan samaralari, jamiyatni demokratlashtirish yo`lidagi shiddatli islohotlar tufayli qo`lga kiritgan yutuqlarining e`tirofidir.
Milliy parlamentlar ayol spikerlarining 14-sammiti fikr va tajriba almashish, shuningdek, etakchi ayollar o`rtasida aloqa o`rnatish va hamkorlik qilish uchun qulay muloqot maydoni hisoblanadi. Avvalgi sammit 2021 yil sentyabr oyida Vena shahrida bo`lib o`tgan va koronavirus pandemiyasining oqibatlarini bartaraf etish masalalariga bag`ishlangan. Hozirgi vaqtda O`zbekiston Markaziy Osiyo etakchi ayollari muloqotiga raislik qilayotgani hisobga olinsa, navbatdagi ayol spikerlar sammitini o`tkazish uchun O`zbekiston tanlangani har tomonlama mantiqiy va asoslidir.
Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo`mitasi yig`ilishida joriy yilda Indoneziyaning Nusa-Dua-Bali shahrida o`tkaziladigan Parlamentlararo Ittifoqning 144-Assambleyasiga tayyorgarlik ko`rish bilan bog`liq masalalar ko`rib chiqildi. Bo`lajak anjuman butun dunyoda demokratiyani ta`minlash, parlamentlararo muloqotni ilgari surish nuqtai nazaridan ulkan ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirildi.
Parlamentlararo Ittifoqning 144-Assambleyasida, jumladan, iqlim o`zgarishlariga nisbatan xalqaro darajadagi sa`y-harakatlarni yanada kuchaytirish, bunda dunyo mamlakatlari parlamentlarining rolini oshirish istiqbollari muhokama etilishi kutilmoqda. Yig`ilish ishtirokchilari ta`kidlaganidek, Parlamentlararo Ittifoq jahon jamoatchiligining iqlim o`zgarishlari bo`yicha xabardorligini yanada oshirish va turli siyosiy partiyalar vakillaridan tashkil topgan parlamentlar a`zolarining ushbu muammoga echim topishga qaratilgan sa`y-harakatlarini rag`batlantirishda muhim rol o`ynaydi.
Ekologiya muammolari sarhad bilmaydi va shuning uchun iqlim o`zgarishlari bilan bog`liq masalalarni har qaysi davlat o`z holicha hal etishga intilishi kutilgandek samara bermasligi tabiiy. Shu ma`noda, butun dunyo davlatlari va barcha xalqaro tashkilotlar ishtirokida iqlim o`zgarishlariga qarshi kurashish uchun yagona xalqaro koalisiya tuzish zarurati dolzarb bo`lib turibdi.
Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo`mitasi yig`ilishida Parlamentlararo Ittifoqning BMTdagi siyosiy loyihasi ko`rib chiqildi. Parlamentlararo Ittifoq bilan BMT o`rtasidagi tarixiy hamkorlik aloqalari bundan 20 yil oldin yo`lga qo`yilgan. O`tgan davrda har ikki nufuzli xalqaro tashkilot o`z vazifalarini astoydil bajarish, boshqa xalqaro tashkilotlarni qo`llab-quvvatlash, umumiy maqsadlarga yakdillik bilan intilish borasida hamisha hamkor va hamfikr bo`lib kelmoqda.
Ikkala xalqaro tashkilotning ham maqsad-vazifalari ko`p jihatdan uyg`un va hamohangdir. Ularda o`zaro texnologiya va tajriba almashishning ko`plab imkoniyatlari mavjud. Shu nuqtai nazardan, Parlamentlararo Ittifoqning BMTdagi siyosiy loyihasi ikkala xalqaro tashkilot o`zaro munosabtlarining istiqboldagi muhim yo`nalishlarini belgilab olishda qo`l keladi.
Ijroiya qo`mita yig`ilishida Parlamentlararo Ittifoqning Shaffoflik, hisobdorlik va ochiqlik masalalari bo`yicha ishchi guruhi hisoboti ham tinglandi. Mazkur Ishchi guruh Parlamentlararo Ittifoqning transparentlik, hisobdorlik va manfaatlar to`qnashuvining oldini olish masalalari yuzasidan o`tkazgan mustaqil tadqiqoti natijasida tuzilgan.
Shaffoflik, hisobdorlik va ochiqlik masalalari bo`yicha ishchi guruh hisoboti qo`llab-quvvatlandi. Ushbu tuzilma va uning hisoboti Parlamentlararo Ittifoqning faoliyati uchun manfaat keltirishi hamda mazkur xalqaro tashkilot o`z ishida shaffoflik, hisobdorlik va ochiqlikni mustahkamlashi, bu tamoyillarga yanada qat`iy amal qilishga ko`maklashishi qayd etildi.
Bundan tashqari, yig`ilishda Parlamentlararo Ittifoqning 2022-2026 yillarga mo`ljallangan Kommunikasiya strategiyasi loyihasi ko`rib chiqildi. Mazkur Strategiya Parlamentlararo Ittifoqqa joriy besh yil davomida kommunikasiya sohasidagi faoliyatni tubdan kuchaytirish orqali o`zining strategik maqsadlariga erishishi uchun yordam beradi.
Ijroiya qo`mitaning Dubaydagi yig`ilishida, shuningdek, Parlamentlararo Ittifoq tomonidan yaqin kelajakda o`tkaziladigan asosiy tadbirlar atroflicha muhokama qilindi. Kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko`rib chiqildi.






