SSV Matbot kotibining xabar berishicha, kecha Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti er yuzidagi epedimiologik vaziyat bo`yicha navbatdagi hisobotini e`lon qildi. Unga ko`ra, o`tgan haftada dunyoda koronavirus bilan kasallanish ko`rsatkichlari 16 foiz, infeksiyadan o`limlar soni esa 10 foiz pasaygan.
JSSTning haftalik bayonotida keltirilishicha, o`tgan haftada 10 million 776 mingdan ziyod kishida COVID-19 infeksiyasi qayd etilgan. Kasallik tufayli hayotdan ko`z yumganlar esa qariyb 60,2 ming nafarni tashkil etgan.
Koronavirusni yuqtirish bilan bog`liq sezilarli pasayish dinamikasi Sharqiy O`rta er dengizi mintaqasi mamlakatlari hissasiga to`g`ri kelgan — 34 foiz! Janubiy va Shimoliy Amerika qit`alarida bu ko`rsatkich 30 foiz, Evropada esa 24 foizga etgan.
Tinch okeanining g`arbiy mintaqasi davlatlarida esa aksincha — bemorlar soni 32 foiz ortishi qayd etilgan.
21-27 fevral sanalarida koronavirus tashxisi qo`yilgan eng ko`p bemor Germaniyada ro`yxatga olingan — 1,1 million nafar. Ikkinchi o`rinni 1 milliondan ziyod ko`rsatkich bilan Koreya Respublikasi band etdi.
Rossiya esa uchinchi o`rinda — mamlakatda 920 ming odam koronavirusni yuqtirgan. To`rtinchi o`rinni 542 mingga yaqin holat bilan Turkiya, beshinchi pog`onani esa 519 mingdan ortiq bemor bilan Braziliya egalladi.
Dunyoda COVID-19dan o`lim ko`rsatkichlarining katta qismi AQShda qayd etildi — 13 ming nafar. Bu undan avvalgi haftaga qiyoslaganda qariyb 1000 ta ziyod ko`rsatkichdir.
Ikkinchi o`rinda — Rossiya. Mamlakatda hafta davomida 5,4 mingdan ziyod bemor xastalikdan vafot etdi. Braziliyada esa bu ko`rsatkich 4,3 ming nafarni tashkil etdi. Shu bilan birga, Meksikada 2 ming nafar hamda Turkiyada 1,8 ming nafar bemor koronavirus qurboniga aylandi.






