AsosiyJamiyat

Cotton Campaign o`zbek paxtasiga boykotni bekor qildi

'Cotton Campaign o`zbek paxtasiga boykotni bekor qildi'ning rasmi

Cotton Campaign koalisiyasi O`zbekiston paxtasiga boykotni bekor qildi. Mazkur qaror 2021 yilda mamlakatda paxta yig`im terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo`l qo`yilmagani munosabati bilan qabul qilindi. Ilk bor o`zbek paxtasiga 2009 yilda boykot e`lon qilingandi.

Cotton Campaign koalisiyasi o`zbek paxtasiga boykot tugatilganini e`lon qildi. Mazkur qaror «Inson huquqlari bo`yicha O`zbek forumi» tomonidan 2021 yilda paxta terimida o`tkazilgan mustaqil monitoring natijalariga asosan qabul qilingan. Hisobotda hukumat tomonidan tashkil qilinadigan majburiy mehnat holatlari aniqlanmagani qayd etilgan.

2009 yilda Cotton Campaign o`zbek paxtasiga boykot e`lon qilgan edi. O`shandan beri 331 ta brend va riteyler kompaniyalari, jumladan, Adidas, Zara, C&A, Gap Inc., H&M, Levi Strauss & Co., Tesco va Walmart kabilar o`zbek paxtasiga nisbatan boykotga amal qilish majburiyatini olgan.

«So`nggi 12 yil davomida yuzlab kompaniyalarni o`zbek paxtasidan voz kechishga undaganimizdan so`ng, biz O`zbekiston paxtasiga nisbatan boykotga amal qilish majburiyatini bekor qilish vaqti kelganini e`lon qilishdan mamnunmiz, — dedi Responsible Sourcing Network bosh direktori va Cotton Campaign asoschilaridan biri Patrisiya Yurevich. — Endi kompaniyalar o`zlari mehnat huquqlariga amal qilinishini baholashlari va O`zbekistondan paxta sotib olish bo`yicha qaror qabul qilishlari kerak».

«O`zbek forumi» hisobotida qayd etilishicha, paxta terimi mavsumi tizimli majburiy mehnatsiz o`tkazilgan bo`lsa-da, kuzatuvchilar mahalliy hokimiyat tomonidan majburlash va aralashish holatlari, shuningdek, ayrim majburiy mehnat holatlarini aniqlashgan. Bundan tashqari, dalalarda monitoring qilish va salohiyatni oshirish bilan shug`ullanadigan mustaqil guruhlarda ro`yxatdan o`tish, erkin faoliyat yuritishning chegaralangani rivojlanishga to`siq bo`lmoqda.

Qayd etilishicha, O`zbekiston yangi zamonaviy jihozlar bilan ta`minlangan korxonalar orqali, mahsulot ishlab chiqarish zanjirida shaffoflik va kuzatuvni taklif qiluvchi paxta-to`qimachilik mahsulotlarini etkazib berish uchun jozibador mamlakatga aylanish salohiyatiga ega.

Cotton Campaign O`zbekistondan mahsulot sotib olishda manfaatdor bo`lgan barcha brendlarni ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida, jumladan paxta fermalari, to`qimachilik fabrikalari va ishlab chiqarish korxonalarida mehnat va inson huquqlariga rioya etilishini ta`minlash uchun sinchkovlik bilan tekshirishga chaqirdi. Shuningdek, majburiy mehnatning oldini olish, monitoring qilish, shikoyatlar yo`llash va qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun ishonchli va mustaqil mexanizmlar mavjudligini ta`minlash zarur hisoblanadi.

«Biz Prezident Mirziyoevning davlat tomonidan majburiy mehnatga barham berish va O`zbekiston paxta sektorini isloh qilish uchun zarur bo`lgan tarixiy islohotlar tashabbusi va amalga oshirishdagi rahbariyatini yuqori baholaymiz, — dedi Cotton Campaign asoschilaridan biri, AQSh davlat kotibining demokratiya, inson huquqlari va mehnat bo`yicha yordamchisi sobiq o`rinbosari Bennet Friman. — Endi biz O`zbekiston hukumatini fuqarolik jamiyati uchun maydon ochishga va global brendlarni jalb qiladigan hamda mehnat va inson huquqlarini himoya qiladigan mas`uliyatli mas`uliyatli etkazib beruvchilar bilan hamkorlikni yo`lga qo`yish uchun zarur bo`lgan qulay muhitni yaratishga chaqiramiz».

Cotton Campaign inson va mehnat huquqlari bo`yicha xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, mustaqil kasaba uyushmalari, brend va riteylerlar, mas`uliyatli investor tashkilotlari, ta`minot zanjiri shaffofligi guruhlari va akademik hamkorlarning global koalisiyasidir.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar