Iordaniya poytaxti Amman shahri mezbonlik qilgan boks bo`yicha o`smirlar va yoshlar o`rtasidagi Osiyo chempionati yakunlandi. Bu haqda sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Musobaqada qit`amizning 21 mamlakatidan jami 352 nafar bokschi g`oliblik uchun bahslarga kirishdi. Yurtimiz sharafini o`smirlar o`rtasidagi bahslarda 25 nafar, yoshlar o`rtasida esa 24 nafar sportchimiz munosib himoya qildi va yangi O`zbekiston nomini ulug`lashdi.Yoshlar o`rtasidagi Osiyo chempionatining o`g`il bolalar o`rtasidagi final janglarida 10 nafar bokschimiz ringga ko`tarilib, ulardan 7 nafari oltin medalga sazovor bo`lishgani har bir yurtdoshimiz qalbida cheksiz faxr va iftixor uyg`otadi, desak mubolag`a bo`lmaydi.
Quyida bokschilarimizning final janglarida qayd etgan natijalari bilan tanishing:
-51 kg: Xo`janazar Nortojiev qozog`istonlik bokschini mag`lub etdi va oltin medalga sazovor bo`ldi.
-54 kg: Abduvali Bo`riboev filippinlik raqibidan ustun keldi va navbatdagi oltin medal!
-57 kg: Baxtiyor Asadov qirg`izistonlik raqibini katta ustunlik bilan mag`lub etdi va terma jamoamizga uchinchi oltin medalni taqdim etdi.
-63,5 kg: Javohir Ummataliev hindistonlik raqibiga imkoniyatni boy berdi va kumush medal bilan cheklandi.
-67 kg: Fazliddin Erkinboev qozog`istonlik raqibini mag`lubiyatga uchratib, oltin medalga ega chiqdi.
-71 kg: Alisher Ayubov qozog`istonlik raqibga imkoniyatni boy berdi va kumush medalni qo`lga kiritdi.
-75 kg: Rahmatullo Boymatov qozog`istonlik raqibini mag`lub etdi. Navbatdagi oltin medal!
-80 kg: Abdulaziz Abdurahmonov qozog`istonlik kuchli raqibini mag`lub etdi va u ham oltin medalga sazovor bo`ldi.
-86 kg: Jamoliddin Qozoqov qozog`istonlik bokschiga imkoniyatni boy berdi va kumush medal bilan taqdirlandi.
-92 kg: Aynazar Kenesbaev esa qozog`istonlik raqibini mag`lubiyatga uchratdi va jamoamiz hisobiga ettinchi oltin medalni taqdim etdi.






