Joriy yilning 24-26-mart kunlari Surxondaryo viloyati Termiz tumani hududida joylashgan “Qorabayir otlari mahorat maktabi”da uloq-ko`pkari bo`yicha xalqaro turnir o`tkaziladi.
Shu munosabat bilan bugun Sportni rivojlantirish vazirligida O`zbekistonda ilk bora tashkil etilayotgan mazkur musobaqani yuqori saviyada o`tkazish bo`yicha tashkiliy qo`mita yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda aloqador vazirlik va idoralarning mutasaddilari qatnashib, xalqaro turnirni yuksak darajada o`tkazish bilan bog`liq vazifalarni ko`rib chiqishdi
Tashkiliy qo`mita yig`ilishini Sportni rivojlantirish vazirining maslahatchisi Avazjon Karimov olib bordi. Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo`mondoni o`rinbosari, polkovnik Sarvar Mamayusupov xalqaro turnirning ahamiyati haqida so`z yuritib, musobaqalarda yaqin xorijiy mamlakatlar, shuningdek Vengriya davlatidan umumiy hisobda qariyb 120 nafar chavandozlar qatnashishi kutilayotganligi, ularni kutib olish, joylashtirish, xalqaro turnir jarayonida turli ko`rgazmali chiqishlar, milliy sport turlari namoyishi haqida so`z yuritdi. Shuningdek, Xalqaro turnir bahonasida uloq-ko`pkari bo`yicha xorijlik mehmonlar ishtirokida xalqaro Konferensiya tashkil etish borasida o`z taklifini ilgari surdi.
O`zbekiston uloq-ko`pkari federasiyasi raisi o`rinbosari Erkin Abzalov xalqaro turnirda mamlakatimizdan 4ta, xorijiy davlatlardan esa 6taga yaqin jamoalar qatnashish borasida talabnomalarni taqdim etganligi, musobaqalarni adolatli boshqarib borish uchun hakamlar belgilanayotganligi borasida axborot berdi.
Bildirilgan fikr-mulohaza va takliflardan kelib chiqqan holda mamlakatimizning xalqaro imidjini yuksaltirishga hissa qo`shadigan ushbu tadbirni yuqori darajada tashkil etish xususida tegishli qarorlar qabul qilindi va zarur ko`rsatmalar berildi.






