Bundan ikki-uch hafta avval dunyoda epidemiologik vaziyat birmuncha izga tusha boshlaganidan quvongandik. Kunlik kasallanish ko`rsatkichlari sezilarli darajada pasayishi esa pandemiya oxirlayotganidan darak bergandek ham edi o`shanda.
Ammo, mana, ikkinchi haftadirki, ahvol yana murakkablashmoqda. Qator davlatlarda o`sish dinamikasi kuzatilyapti. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ushbu holatga nisbatan o`z jiddiy xavotirini bildirib, buning eng asosiy sabablarini izohladi.
Tashkilot rahbari Tedros Gebreyesusning ta`kidlashicha, “omikron” koronavirusning so`nggi versiyasi ekanligi, qolaversa, pandemiya tugagani haqida tarqatilayotgan ayrim asossiz axborotlar odamlarni chalg`itmoqda.
JSST eksperti Mariya Van Kerxove ham bu fikrni qo`llab-quvvatlab, “omikron”ning BA.2. mutasiyasi koronavirusning hozirgacha ma`lum eng yuqumli varianti ekanligini qayd etdi.
To`g`ri, mazkur yangi shtamm avvalgi versiyalarga nisbatan o`ta og`ir asoratlarni keltirib chiqarmaydi. Ammo uning keng tarqalishi shifoxona sharoitida davolanuvchilar soni yana ortishiga sabab bo`lmoqda.
Shunday sharoitda odamlarning karantin qoidalariga mutlaqo rioya qilmay qo`ygani, beparvolikka berilayotgani xavf ko`lamini tobora oshiryapti.
JSSTning favqulodda vaziyatlar dasturi ijrochi direktori doktor Mayk Rayan ham shu haqda to`xtatilib, hozircha koronavirus “tinchlangan”i, ammo bu mavsumiy bo`lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Mutaxassisning so`zlariga ko`ra, COVID-19 hamon xavfli. Qolaversa, hozir bahor, odamlarning immuniteti birmuncha zaiflashgan. Bunday sharoitda infeksiya oson tarqalishi mumkin.
Shu sababli shifokorlar emlashning muhimligini bot-bot eslatishmoqda. Chunki kasallikdan o`lim holatlarining aksariyati emlanmagan yoki to`liq bosqichda vaksina olmaganlarda sodir bo`lyapti.
Van Kerxovening eslatishicha, COVID-19 qarshi vaksinalar kasallikning va undan o`lim holatlarining oldini olishda eng samarali vositadir.
Manba: Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.






