Bu haqda O`zbekiston og`ir atletika federasiyasi Xalqaro og`ir atletika federasiyasi (IWF)ga tayanib ma`lum qildi.
Joriy yil bir qator sport turlari bo`yicha Parij-2024 o`yinlariga reyting ochkolarni taqdim etadigan sport musobaqalari o`tkazilishi belgilangan.
Ana shunday bahslardan biri shu yilning oktyabr-noyabr oylarida Xitoyning Chunsin shahrida og`ir atletika bo`yicha kattalar o`rtasida o`tadigan jahon chempionati hisoblanayotgandi.
Biroq, kuni kecha 23-mart kuni Xitoy og`ir atletika federasiyasi mamlakatda koronavirus kasalligining yangi to`lqini yoyilishi sababli ushbu chempionatni qabul qila olmasligi bo`yicha Xalqaro og`ir atletika federasiyasiga murojaat yo`lladi.
Aynan ushbu chempionatda jahon og`ir atletikachilari 2024-yilgi Olimpiya o`yinlari uchun ilk reyting ochkolarini jamlashi lozim edi.
Xalqaro og`ir atletika federasiyasi (IWF) saytining ma`lum qilishicha, hozirda mazkur chempionatni qabul qiladigan yangi nomzod davlat qidirilmoqda.
Eslatib o`tamiz, 2024-yilgi Olimpiya o`yinlaridagi og`ir atletika bahslarining erkaklar va ayollar o`rtasidagi vazn toifalari 5+5 etib tasdiqlangan. Ya`ni, Parij sport maydonlarida erkaklar 61, 73, 89, 102, +102 kilogrammda, ayollar 49, 59, 71, 81, +81 kilogrammda XXXIII yozgi Olimpiya o`yinlarining medallari uchun kurash olib borishadi.






