Tashrif bilan Malayziyada bo`lib turgan O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Furqat Sidiqov bugun, 29 mart kuni Malayziya Turizm, san`at va madaniyat vaziri Nensi Shukri bilan uchrashdi.
O`zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi bilan Malayziya Turizm, san`at va madaniyat vazirligi o`rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Sayyohlik mahsulotlari va xizmatlarini o`zaro ommalashtirish, mehmonxona biznesi va turistik ob`ektlar menejmenti sohalarida qo`shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida ikki mamlakat sayyohlik kompaniyalari o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri aloqalarni yo`lga qo`yish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Musulmon turizmi standartlarini ishlab chiqish va «ziyorat turizmi» mahsulotlarini yaratish bo`yicha tajriba almashish bo`yicha kelishuvga erishildi.
Muzokaralarda tomonlarning YuNESKO va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi o`zaro munosabatlarining ayrim masalalari ham muhokama qilindi.






