Bugun, 30 mart kuni Kuala-Lumpur shahrida O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Furqat Sidikov Malayziya Tashqi ishlar vazirining o`rinbosari Kamaruddin Jaffar bilan uchrashuv o`tkazdi.
Muzokaralarda O`zbekiston-Malayziya hamkorligining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Malayziya tomoni O`zbekistonda davlat boshqaruvi va qonunchilik sohasini takomillashtirish, milliy iqtisodiyotni liberallashtirish va modernizasiya qilishga qaratilgan keng ko`lamli islohotlarni yuksak baholadi.
Shu kunning o`zida O`zbekiston Respublikasi va Malayziya tashqi ishlar vazirliklari o`rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning beshinchi davrasi bo`lib o`tdi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni mustahkamlash bo`yicha mavjud salohiyatni amalga oshirishdan har ikki tomonning birday manfaatdorligi bildirildi.
Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o`rtasidagi muloqotni kengaytirish zarurligi ta`kidlandi. Parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirish umumiy kun tartibidagi barcha yo`nalishlar bo`yicha aloqalarni jadallashtirishga xizmat qilishi e`tirof etildi.
Madaniy-gumanitar va sayyohlik sohasidagi almashinuvlarni rivojlantirish bo`yicha takliflar ko`rib chiqildi.
BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro institutlar doirasidagi muloqotni faollashtirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.






