BAAning Dubay shahrida o`tkazilgan qilichbozlik bo`yicha o`smirlar va yoshlar o`rtasida jahon chempionatida oltin medalni qo`lga kiritgan Zuhriddin Qodirov O`zbekiston Prezidenti farmoni bilan "Mard o`g`lon" davlat mukofoti bilan taqdirlandi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Ta`kidlash joizki, qilichbozlarimiz mazkur jahon chempionatida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, ikkita medal bilan yurtimizga qaytib keldi. Xususan, Zaynab Dayibekova bronza va Zuhriddin Qodirov esa oltin medalni qo`lga kiritdi. Qayd etish joiz, Zuhriddin bu bilan mustaqillik yillarida qilichbozlik bo`yicha jahon chempionligiga sazovor bo`lgan birinchi sportchimiz bo`ldi.
Kecha Toshkent xalqaro aeropartida va Milliy Olimpiya qo`mitasida atletlarimizni kutib olish marosimi bo`lib o`tdi. Tadbirda Zuhriddin Qodirovni "Mard o`g`lon" davlat mukofoti bilan taqdirlash to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining varmoni sportni rivojlantirish vaziri tomonidan o`qib eshittirildi va mukofot o`z egasiga tantanali ravishda topshirildi.
- Meni tarbiyalagan ota-onam, ustozlarimdan cheksiz minnatdorman, - dedi chempion Zuhriddin Qodirov. - Ularning bergan ta`limiga amal qilib, shunday g`alabaga erishdim. Shuningdek, biz, yoshlarga barcha sharoitlarni yaratib berayotgan Prezidentimizga katta rahmat aytaman.