AsosiyJamiyat

Adliya vazirligi: 2022 yilda 1 860 ta amaldagi qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkaziladi

'Adliya vazirligi: 2022 yilda 1 860 ta amaldagi qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkaziladi'ning rasmi

So`nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, jumladan qonunchilik hujjatlarida korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalarni aniqlash va bartaraf etish borasida ham tizimli ishlar tashkil etilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.

Xususan, 2021 yil 23 oktyabrda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ‒5263-son qarori, shuningdek Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazishning yangi tartib hamda uslubiyoti qabul qilinib, cheklist to`ldirish amaliyoti yo`lga qo`yildi.  Eng muhimi, yuqoridagi Prezident qarori bilan 2021 yildan boshlab Adliya vaziligi tomonidan “korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili joriy etildi hamda  2022 – 2026 yillarda 21 mingdan ortiq amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazish bo`yicha besh yillik rejasi tasdiqlandi.

Shunga muvofiq,  2022 yil 26 mart kuni Vazirlar Mahkamasining “2022 yilda normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Joriy yilning 8 aprel kuni Adliya vazirligida mazkur qaror ijrosiga mas`ul bo`lgan 60 dan ortiq vazirlik va idoralar, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida seminar tashkil etildi.

Tadbirda adliya vaziri o`rinbosari A. Karimov so`zga chiqib, qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazish amaliyotida, xususan vazirlik va idoralar faoliyatida tizimli muammolar uchrayotganligi, cheklist to`ldirish amaliyoti to`liq yo`lga qo`yilmaganligini ta`kidlab, korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazish sifati va samaradorligi oshirish bo`yicha tushuntirish berdi.

Jumladan, 2022 yilda Adliya vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarorida belgilangan ijtimoiy himoya, moliya-kredit, tadbirkorlik, tashqi iqtisodiy faoliyat va bojxona ishi sohalariga oid 1 860 ta amaldagi qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazishda yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yishi, ekspertizani joyiga chiqib amalga oshirishi, mutaxassislar, fuqarolar, ayniqsa tadbirkorlik sub`ektlari bilan uchrashib ularni qiynayotgan normalarni aniqlab, bartaraf etish bo`yicha takliflarni ishlab chiqish lozimligi ta`kidlandi.

Seminarda berilgan savollarga Adliya vazirligi mutaxassislari tomonidan javoblar berildi hamda ushbu yo`nalishda o`zaro tizimli hamkorlikni yo`lga qo`yish belgilab kelishib olindi.

    Boshqa yangiliklar