1

Hazrat Alisher Navoiy ro`za xususida nima degan?

Mutolaa 18.04.2022, 12:06
Hazrat Alisher Navoiy ro`za xususida nima degan?

Hazrat Mir Alisher Navoiy islom arkonlaridan, diniy bilimlardan etarlicha xabardor bo`lganlarini yaxshi bilamiz. Hazratning «Sirojul-muslimin» nomli asari aynan islom ruknlariga bag`ishlangan.

Kitobning bitilish sababida keltirilishicha, kunlarning birida bir samarqandlik rostgo`y, bilimdon zot Hazrat Navoiyning huzuriga kelib, Xoja Ubaydulloh Ahrorning iltimosini etkazadi. Xoja Ahror Hazrat Navoiydan islom dinidagi ruknlar, farz, sunnat va vojib amallar xususida sodda, hammaga tushunarli tilda nazmiy risola bitishni iltimos qilgan ekanlar.

Navoiyning o`zlari ham ancha paytdan beri xuddi shu mavzuda asar bitishni rejalashtirgan ekanlar. Shu bois tez kun asar yozib bitkaziladi.

Biz qutlug` Ramazon oyida ushbu asardan olingan, ro`za haqidagi parchalarni e`tiboringizga havola etamiz:

Erur to`rtunchisi islomning savm,

Ki, o`tgan kimsaga taqvo bila yavm.

Chu ro`za farz bo`ldi yilda bir oy,

Aning ijrosida bo`l nafsfarmoy.

Ani bil subhdin to shom chog`liq,

Taomu shurbu shahvatdin yirog`liq

Sharh: taqvo bilan kun o`tkazuvchi kimsa uchun Islomning to`rtinchi rukni ro`zadir. Bir yilda bir oy ro`za tutish farzdir. Uni bajarish uchun inson o`z nafsini qo`lga olishi kerak bo`ladi. Shuni bilki, tong otganidan to shom kirgunicha, eyish, ichish va jinsiy yaqinlikdan uzoq bo`lish kerak.

Erur bu ro`zada niyat sanga farz,

Valekin necha avlo ayladim arz.

Navofilda vale niyatni qilmoq,

Sanga joizdurur tushtin burunroq.

Sharh: ro`zadan avval niyat qilish farzdir. Lekin imkon darajasida tushdan avvlroq niyat qilish ma`qul sanaladi.

 

Chibin yo pashshadek har jinsi hosil,

Emas bo`g`zungg`a kirsa ro`za botil.

Sharh: agar chivin yoki pashshadek narsalar tomoqqa kirsa ro`za buzilmaydi.

Tuzu sirka totorg`a ahli idrok,

Tegursa, til uchun, ermas anga bok.

Sharh: aqli komil kishilar tuz yoki sirkani til uchi bilan tatib ko`rsalar, buning ziyoni yo`q.

Yana ulkim, hijomat qilsayu qasd,

G`am ermas, ro`zag`a chun qilmamish qasd.

Sharh: yana hijoma qildirsa, ya`ni qon oldirsa, bu ham ro`zaga ziyon etkazmaydi.

Gar o`tmak tifl uchun chaynar anosi,

Ravodur gar, yana yo`qtur g`izosi.

Vale bilmak keraktur oni makruh,

Kerak makruhdin xotirda anduh.

Sharh: shuningdek ,ona o`z bolasiga non chaynab bersa, o`zi yutib yubormasa, bu ham ro`zani sindirmaydi. Lekin bu makruh sanaladi. Imkon qadar makruh amallarga yo`l bermagan yaxshiroqdir.

Unutib gar esang, ichsang, emas g`am,

Erur ul ro`za boqiy, ey mukarram.

Sharh: bilmasdan eb-ichib qo`ysa, keyin ro`zani davom ettirib ketaversa, bunda ham ro`zaga zarar etmaydi.

Shuningdek hazrat Navoiy ro`zaning kafortiga ham alohida to`xtalib o`tganlar:

G`izo eb ro`za ulkim, qilsa zoyil,

Va yo nafsi bo`lib shahvatg`a moyil.

Kaforat oltmish miskinga it`om,

Erur yo oltmish kun savmi nokom.

Sharh: agar qasdan kimdir taomlanib, shahvatini qondirib, ro`zani buzsa, (bir kun uchun) oltmish nafar miskinni to`ydirishi yoki oltmish kun ro`za tutishi kerak bo`ladi.

Kim, ul kunlarning o`lg`ay ittisoli,

Yo`q ersa solim ermas ro`za holi.

Va yo bir bandaning ko`nglin qilib shod,

Anga Tengri yo`linda qilmoq ozod.

Sharh: shu tariqa ro`za tutilmay qolgan kunlarning o`rnini to`ldirish mumkin. Aks holda ro`za mukammal bo`lmaydi. Yo bo`lmasa bir bandaning ko`nglini shod qilib, uni qullikdan qutqarish kerak bo`ladi. Vallohu a`lam!

Rustam JABBOROV  

"Darakchi" gazetasi, 2022 yil 14 aprel, 15-son

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1