Bu haqda bugun AOKAda IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig`i o`rinbosari, polkovnik Umida Abdullaeva, Oila va xotin-qizlar davlat qo`mitasi boshqarma boshlig`i Bahodirjon Qahhorov, Bosh prokuratura bo`lim boshlig`i O`ktam O`taev ishtirokida o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi, deya xabar bermoqda darakchi.uz muxbiri.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta`minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ–4366-son Qarori ijrosi yuzasidan hamda IIO faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta`minlash, shuningdek, OAV vakillari va aholi o`rtasida keng muhokamaga sabab bo`layotgan holatlarga munosabat bildirish maqsadida, O`zbekiston Respublikasi IIV Axborot xizmati tomonidan joriy yilning 26 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining anjumanlar zalida “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo`llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Mazkur matbuot anjumanida, Ichki ishlar Vazirligi JXD Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati rahbariyati va mas`ul xodimlari va Bosh prokuratura mas`ul xodimlari va OAV vakillari ishtirok etdilar.
Mazkur matbuot anjumanida, IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatining Xotin-qizlar masalalari bo`yicha bo`linmalari tizimida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ularning natijalari haqida so`z yuritildi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Buxoro viloyatini Xotin-qizlar bilan ishlash yo`nalishida namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash to`g`risida” 2019 yil 14 iyundagi 495-son Qarori imzolangan bo`lib, mazkur qaror bilan IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimida xotin-qizlar masalalari bo`yicha alohida bo`lim, shuningdek Qoraqalpoqiston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB hamda viloyatlar IIBlarida xotin-qizlar masalalari bo`yicha inspektorlar, psixologlar shtatlari joriy etildi.
2019 yil 2 sentyabr kuni qabul qilingan O`zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish to`g`risida”gi qonuni asosida, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 3-son Qarori ishlab chiqilib, unda himoya orderini berish tartiblari belgilab berildi.
Tazyiq o`tkazgan yoki zo`ravonlik sodir etgan yoxud ularning sodir etishga moyil bo`lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik mazmunidagi ma`muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni belgilash maqsadida, MJtK yangi 206-1-modda bilan to`ldirildi.
O`tkazilgan profilaktik tadbirlar
O`tgan yil davomida tegishli mutasaddi idoralari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tadbirlar davomida 667 mingga yaqin xonadonlarga uyma-uy kirib, oiladagi ijtimoiy-ma`naviy muxit o`rganildi.
Jumladan, ijtimoiy holati o`rganilgan xotin-qizlarning 6 610 nafarini (429 nafari ilgari sudlanganlar) ishga joylashishida, 6 976 nafariga (406 nafar) moddiy va ijtimoiy tomondan yordam berilishida, 1 547 nafarini (96 nafar) davolanishga muxtojligi aniqlanib, tibbiyot dispanserlarga yuborilishida, 1 653 nafarini (172 nafar) shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qayta tiklashda, 1 784 nafarini (105 nafar) tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yishda amaliy yordamlar ko`rsatildi.
Shuningdek, profilaktik hisobda turgan 505 nafar qizlar ta`lim muassalariga jalb etildi, 328 nafar og`ir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolar va turmushida zo`rlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlar “Zo`rlik ishlatishdan jabr ko`rgan shaxslarni reabilitasiya qilish va moslashtirish markazlari”ga joylashtirildi.
Hamkorlikda amalga oshirilgan tadbirlar natijasida, 17 296 nafar, shu jumladan 624 nafar voyaga etmagan qizlar, 3 605 nafar yosh (18-30 yosh), 520 nafar ilgari sudlangan xotin-qizlar ichki ishlar organlari hisobidan chiqarildi.
2021 yil davomida ichki ishlar organlariga xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo`ravonlik holatlar yuzasidan 39 343 ta murojaatlar kelib tushdi.
Xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish maqsadida, 39 343 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari rasmiylashtirib berildi.
Himoya orderlarining 378 tasi voyaga etmagan, 9 861 tasi yoshlar (18-30 yosh), 29 104 tasi 30 yoshdan katta xotin-qizlarga berilgan.
Murojaatlarni o`rganishda 106 ta jinsiy, 234 ta iqtisodiy, 18 777 ta ruhiy, 13 658 ta jismoniy zo`ravonlik hamda 7 174 ta tazyiq holatlar aniqlangan.
Tahlillar shuni ko`rsatmoqdaki, xotin-qizlarga nisbatan qayd etilgan zo`ravonlik holatlarining 34 330 tasi yoki 87 foizi oilada sodir etilgan.
Himoya orderlarning 26 667 tasi turmush o`rtoqlari, 1 559 tasi qaynionalar, 1 128 tasi kelinlar hamda 9 989 tasi boshqa shaxslarga nisbatan rasmiylashtirilgan.
Qo`llanilgan himoya orderlari natijada 20 769 ta holatda oila yarashtirildi, 15 142 tasida nizo bartaraf etildi, 921 tasida oila ajrashdi, 2 222 ta holatda nizo bartaraf etilmadi.
Bugungi kunda jinoyatlarni barvaqt oldini olish hamda xotin-qizlarning farovon hayotini ta`minlash maqsadida, zo`ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo`lgan shaxslarni zo`ravonlik xulq-atvorini o`zgartirish bo`yicha dasturidan o`tkazish bo`yicha hamkor idora va vazirliklar bilan tizimli ishlar yo`lga qo`yimoqda.
Tazyiq va zo`ravonlikdan jabrlangan 39 343 nafar xotin-qizlarga himoya orderi berilgan bo`lsa, shulardan 1 322 ta holatda (shundan 61 ta holat takroran sodir etilgan) himoya orderida belgilangan talablar buzilgan va zo`ravonlik o`tkazgan shaxsga nisbatan ma`lumotlar jamlanib, ma`muriy sudlarga qonuniy chora belgilash uchun yuborildi.
Ishonch telefoni
Bundan tashqari, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida IIV JXD Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati qoshida “Ishonch markazi” tashkil etilib, 2022 yil 10 yanvar kunidan markazda tunu-kun uzluksiz xabarlarni qabul qilish tizimi yo`lga qo`yildi. “Ishonch markazi”ga ikkita “1259” va “1286” qisqa raqamlari olingan bo`lib, “1259” qisqa raqami oilaviy zo`ravonliklardan jabr ko`rgan fuqarolarga huquqiy yordam ko`rsatish, “1286” qisqa raqami huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`linmalari xodimlari uchun huquqiy yordam ko`rsatishni nazarda tutadi. “Ishonch markazi” ning asosiy vazifasi: tezkorlik bilan oilaviy zo`ravonlik holatlari bo`yicha kelib tushgan xabarlarni qabul qilish, ro`yxatga olish va ko`rib chiqilishini tashkil etish hamda huquqiy tushuntirish berish.
2022 yil 1-chorak davomida jami 3 444 ta qo`ng`iroqlar kelib tushdi, ulardan: ”1259” qisqa raqamiga oilaviy zo`ravonlik va tazyiq holatlari va boshqa masalalar bo`yicha 2457 ta xabarlar kelib tushgan. Zo`ravonlik bilan bog`liq bo`lmagan, mehnat, fuqarolik, iqtisodiy huquqiy munosabatlar va ish bilan ta`minlashga oid munosabatlar bo`lganligi sababli huquqiy tushuntirish berilgan.
Tadbir davomida bloger va OAV vakillarinining savollarga Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati rahbariyati va mas`ul xodimlari tomonidan batafsil javoblar berildi.






