Yig`ilishda agrar soha uchun zamonaviy bilimga ega o`rta bo`g`in mutaxassislarini tayyorlash masalasiga alohida e`tibor qaratildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qishloq xo`jaligi vazirligi Agrar universitet bilan tizimdagi kollej va texnikumlarning o`zaro bog`liqligini ta`minlashi zarurligi ta`kidlandi.
Bugungi kunda Jizzax, Toshkent va Farg`onada 3 ta qishloq xo`jaligi texnikumini modernizasiya qilish boshlandi.
“Lekin qolgan 31 ta texnikum va kollej bilan, 83 ta kasb-hunar maktabi bilan qachon shug`ullanamiz?”, deya savol qo`ydi Prezident.
Qishloq xo`jaligi va oliy ta`lim vazirlariga ikki oy muddatda texnikumlar bo`yicha alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.
Bunda:
- agrar sohadagi barcha texnikumlar Qishloq xo`jaligi vazirligi tizimiga o`tkaziladi;
- klaster va boshqa yirik qishloq xo`jaligi korxonalari bilan hamkorlikda texnikumlardagi o`quv dasturlar, metodologiyasi, darsliklar va amaliyot tizimi butunlay qayta ko`rib chiqiladi;
- texnikumlar yangi tashkil etiladigan agroxizmatlar markazlari bilan uzviy bog`lanadi.
Yig`ilish yakunida mutasaddilar hisobot berdi.






