DXX matbuot xizmati "darakchi.uz"ga O`zbekiston bo`ylab aniqlangan noqonuniy er sotish holatlari bo`yicha xabar berdi.
Jumladan, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda Nurafshon shahridagi chorvachilikka ixtisoslashgan mas`uliyati cheklangan jamiyat ta`sischisi mazkur MChJning 2 gektar sug`oriladigan er maydonini 500 ming AQSh dollari evaziga xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va`da qilib, oldindan 140 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Toshkent tumanida yashovchi, 1982 y.t. shaxs mazkur tumandagi mahalla fuqarolar yig`inlaridan birida hokim yordamchisi lavozimda ishlovchi sinfdoshi bilan kelishgan holda o`zganing ishonchiga kirib, Toshkent shahar Olmazor tumanida joylashgan 4 sotix er maydonini mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 30 ming AQSh dollari talab qilishadi.
DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda 1982 y.t. shaxs so`ralgan pulni olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, uning ko`rsatmasi asosida hokim yordamchisi ham qo`lga olindi.
Toshkent viloyatida kuzatilgan yana bir holatda Qibray tumanidagi mas`uliyati cheklangan jamiyat boshqaruvchisi mazkur MChJga 46 yil muddatga ijara asosida foydalanish uchun berilgan 91 gektar er maydonining 60 gektarini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 60 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Karmana tumanida yashovchi tadbirkor esa o`ziga davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida sun`iy qoplamali futbol maydonchasi va yordamchi bino ob`ektini qurishi uchun berilgan 9,9 sotix er maydonini xaridorga 50 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida DXX Navoiy viloyati bo`yicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.
DXX Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi va IJQKDning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand shahrida yashovchi, 1980 y.t. shaxs o`ziga issiqxona tashkil etishi uchun Samarqand tumani hududidan ajratib berilgan 90 sotix er maydonini 40 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 20 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilgan.






