Prezident farmoni (PF–121, 27.04.2022 y.) bilan Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi O`zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi etib qayta tashkil etildi. Bu haqda Adliya vaziriligi xabar bermoqda.
Quyidagilar Agentlikning ustuvor vazifalari va faoliyat yo`nalishlari etib belgilandi:
- kripto-aktivlar aylanmasi sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- kripto-aktivlar aylanmasi sohasida investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta`minlash;
- kripto-aktivlar aylanmasi sohasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg`in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo`yicha choralarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
- davlat boshqaruvi va turli ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga ma`lumotlarning taqsimlangan reestri texnologiyasini va boshqa eng yangi texnologiyalarni joriy etish bo`yicha loyihalarni tashabbus qilish va ilgari surishga ko`maklashish.
Farmon bilan kiritilgan o`zgartirishlarga ko`ra, Agentlik kripto-aktivlar aylanmasi sohasiga texnologiyalarni joriy qilayotgan yuridik shaxslar uchun maxsus tashkiliy-huquqiy sharoit yaratishni nazarda tutuvchi Kripto–aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimini (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi) belgilaydi.
“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimida tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish doirasida:
Maxsus rejim ishtirokchilari barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg`armalariga majburiy ajratmalarni, shuningdek belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro`yxatlar bo`yicha O`zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, o`z ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan uskunalar, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy ta`minot vositalari uchun bojxona to`lovlari (bojxona yig`imlaridan tashqari) to`lashdan ozod etiladi;
Maxsus rejim ishtirokchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bo`yicha xodimlar tomonidan olingan mehnatga haq to`lash tarzidagi daromadlar 7,5 foiz miqdordagi qat`iy belgilangan stavka bo`yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`iga tortiladi hamda soliq solish maqsadida belgilanadigan jismoniy shaxslarning umumiy yillik daromadlari hajmiga kiritilmaydi.






