AsosiyJamiyat

Ov qurolini sotib olish huquqi 25 yosh etib belgilanmoqda

'Ov qurolini sotib olish huquqi  25 yosh etib belgilanmoqda'ning rasmi

Senatning yalpi majlisida “Qurol to`g`risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ko`rib chiqildi.

Amaldagi “Qurol to`g`risida”gi Qonun bilan o`qotar quroldan tashqari pnevmatik, gazli, signal beruvchi, tig`li, uloqtirish quroli va elektroshok qurilmalariga egalik qilishga ruxsat berilgan.

Biroq, o`qotar bo`lmagan yuqorida ko`rsatilgan qurollarga noqonuniy egalik qilish uchun esa qonunchiligimizda javobgarlik mavjud emas.

Sodda qilib aytganda, o`qotar bo`lmagan qurolga noqonuniy egalik qilish, ya`ni uyda saqlash, ko`cha-ko`yda olib yurish, ta`lim muassasalariga olib borish va hokazo holatlarda qurol egasi undan turli jinoiy maqsadlarda foydalanmasligiga “kafolat” yo`q.

Shu bois, bugun muhokama qilinayotgan Qonun bilan amaldagi 2 ta kodeks va 6 ta qonunga o`zgartishlar kiritish nazarda tutilmoqda.

Qurol va uning o`q-dorilari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish funksiyalari Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga o`tkazilmoqda.

O`qotar bo`lmagan qurol bilan qonunga xilof ravishda muomalada bo`lish yoki qurol muomalasi qoidalarini buzganlik uchun jinoiy va ma`muriy javobgarliklar nazarda tutilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining fuqaroviy ov qurolini va uning o`q-dorilarini olish huquqiga ega bo`lish uchun yosh senzi yigirma besh yosh etib belgilanmoqda (amaldagi qonunchilikda yigirma bir yosh);

Bundan tashqari, fuqaroviy qurol va uning o`q-dorilarini hadya etilishini taqiqlash nazarda tutilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar