Shu kunlarda dunyoning ayrim mamlakatlarida “Kinder” savdo belgisi ostida Belgiyada ishlab chiqarilgan shokolad mahsulotlari sotuv rastalaridan olib tashlanmoqda.
Chunki Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lum qilishicha, hozirgacha dunyoning 11 davlatida salmonellyoz kasalligiga chalinish holatlari keskin oshib ketishi ayni shu shirinliklar bilan bog`liq. Zararlangan shokolad mahsulotlari kamida 113 mamlakatga tarqatilgani aytilmoqda. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati yozmoqda.
Ayni paytga qadar salmonellyoz bilan bog`liq 151 holatdan 150 tasi Evropada ro`yxatga olingan bo`lsa, qolgan biri AQShda kuzatilgan. Shu sababli ana shu va boshqa hududlarda “Kinder Surprise”, “Kinder Mini Eggs”, “Kinder Surprise Maxi" va “Kinder Schoko-Bons” nomli mahsulotlar do`konlardan qaytarib olinyapti.
Mutaxassislar izohiga ko`ra, salmonellyoz insonning oshqozon-ichak traktiga zarar etkazuvchi bakteriyalardir. Ushbu infeksiya ko`p hollarda bemorlarda engil alomatlar bilan kechsa, ba`zi turlari odamlarda o`tkir kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Umumiy simptomlar orasida diareya, isitma, qorin og`rig`i va ko`ngil aynishi ko`p kuzatiladi. Kasallikka aniq tashxis qo`yish uchun mikrobiologik va bakteriologik tahlillar zarur.
Xo`sh, bu borada O`zbekistonda vaziyat qanday?
Hozirgacha mamlakatimizda shokolad orqali salmonellyoz infeksiyasini yuqtirish holatlari qayd etilgani yo`q.
Shunga qaramay, ehtiyot choralari kuchaytirilib, yurtimizga kirib kelayotgan va savdoga chiqarilayotgan barcha shirinliklar qatori, “Kinder” savdo belgisi ostidagi mahsulotlarning xavfsizligi ham nazoratdan o`tkazilyapti.






