29 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo`lib turgan Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasini qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu tashrif O`zbekiston va Yaponiya o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganiga 30 yil hamda strategik sheriklik o`rnatilganiga 20 yil to`ladigan yilda o`tmoqda.
Uchrashuvda ko`p qirrali O`zbekiston-Yaponiya hamkorligini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.
2019 yil dekabr oyida Tokioga amalga oshirilgan oliy darajali tashrif mamlakatlarimiz o`rtasidagi an`anaviy do`stona aloqalarni mustahkamlashda yangi bosqichni boshlab, hamkorlikni aniq mazmun bilan boyitgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Keyingi yillarda qo`shma korxona va loyihalar soni, shu jumladan O`zbekistonda energetika va turizm infratuzilmasini, yuqori texnologik sanoatni rivojlantirishga Yaponiya etakchi kompaniyalarining to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarini jalb qilish orqali bir necha barobar ko`paydi.
Yaponiyaning rivojlanish va hamkorlik institutlarining moliyaviy mablag`lari ishtirokidagi qo`shma dasturlar portfeli 7 milliard dollardan oshdi.
O`zaro savdo hajmi, eng avvalo, talab yuqori bo`lgan sanoat va qishloq xo`jaligi mahsulotlarining yangi turlarini etkazib berish hisobiga oshib bormoqda.
Mamlakatimizda o`zaro hamkorlikdagi ta`lim loyihasi – Toshkent shahridagi Raqamli universitet muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Davlatimiz rahbari oliy darajadagi samarali muloqotlarni davom ettirish muhim ekanligiga alohida to`xtaldi hamda Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisidaga O`zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelish taklifini yana bir bor tasdiqladi.
“Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi konstruktiv mintaqaviy hamkorlikni, eng avvalo, iqtisodiy o`zaro bog`liqlik, muqobil energetika va ekologiya sohalarida mustahkamlashdan manfaatdorlik bildirildi.
Tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasi Yaponiya hukumati Yangi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyasini to`liq qo`llab-quvvatlashini ta`kidladi.
Shuningdek, mamlakatimizning Afg`onistonda bardavom tinchlikni ta`minlash va ushbu mamlakatning iqtisodiy tiklanishiga ko`maklashish borasidagi sa`y-harakatlari yuqori baholandi.






