“Ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo`llab-quvvatlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, 2022 yil 1 iyuldan:
- oilaviy bolalar uylarining saqlash xarajatlari uchun Davlat byudjetidan mablag` ajratishda bir nafar tarbiyalanuvchiga to`g`ri keladigan xarajatlar hamda bolalar sonidan kelib chiqib, zarur mablag`lar kommunal xarajatlar bilan birga ota-onalar nomiga ochilgan bank plastik kartalariga o`tkazib beriladi;
- jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo`lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda hamda nogironligi bo`lgan bolalar kasb-hunar maktablarida ishlovchi texnik va xizmat ko`rsatuvchi xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz miqdorda ustamalar to`lanadi.
Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo`lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarni Respublika maqsadli kitob jamg`armasi orqali badiiy adabiyotlar bilan muntazam ta`minlash uchun har yili 5 milliard so`m yo`naltiriladi.
2023-2025 yillarda 10 ta hududda reabilitasiya markaziga ega bo`lgan “Imkon” ko`p tarmoqli ixtisoslashgan maktabgacha ta`lim tashkilotlarini tashkil etish choralari ko`riladi.
Qarorga ko`ra:
- etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar ularga davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olib berilgan uy-joylarni mulkka egalik qilish huquqi asosida o`z nomiga rasmiylashtirishda notarius va kadastr xizmatlari uchun (oldi-sotdi shartnomasi va ko`chmas mulk ob`ektlarini davlat ro`yxatidan o`tkazish) davlat boji to`lashdan ozod etiladi;
- etim yoki ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan talabalarga davlat OTMda oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya vositalari xarid qilish uchun mablag` ajratish amaliyoti nodavlat oliy ta`lim muassasalari talabalariga ham tatbiq etiladi;
- 2022 yil 1 iyundan “Ishga marhamat” monomarkazlarida inklyuziv ta`lim asosida kasb-hunarga o`qitilayotgan nogironligi bo`lgan shaxslarga nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda, BHMning 2 baravari (540 ming so`m) miqdorida har oylik stipendiya to`lab beriladi.
2022 yil 1 maydan “Saxovat” uylarida yashovchi zarur ish stajiga ega bo`lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun har oyda tegishli nafaqa miqdorining 20 foizini to`lash tartibi joriy qilinadi.
Qarorga ko`ra, Afg`on urushida ishtirok etgan nogironligi bo`lgan jangchi-faxriylar individual o`lchovlar asosida tayyorlanadigan tegishli zamonaviy protez-ortopediya moslamalari bilan ta`minlanadi.
2023 yil 1 yanvardan:
- I va II guruh nogironligi uchun pensiya tayinlangandan keyin ishlagan fuqarolarning ish staji va ish haqini hisobga olgan holda, nogironlik pensiyasi miqdorlari har ikki yilda qayta hisoblanadi;
- hududiy jamoat fondlari hisobidan O`zbekiston nogironlar jamiyati, O`zbekiston ko`zi ojizlar jamiyati, O`zbekiston karlar jamiyati hamda O`zbekiston nogironlar assosiasiyasining hududiy bo`linmalariga davlat subsidiyasi ajratiladi.
Shuningdek, 2022-2023 yillarda davlat ijtimoiy muassasalarining qurish va ta`mirlash hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 600 milliard so`m yo`naltiriladi.






