Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti va YuNISEF xavotirli bayonot bilan chiqdi. Unda aytilishicha, dunyoda shu yilning dastlabki ikki oyida qizamiq bilan kasallangan bolalar soni qariyb 80 foizga oshgan. Bu haqda SSV yozmoqda.
Tahlillarga ko`ra, yanvar va fevral oylarida ushbu xavfli infeksiyani yuqtirganlar soni 17 ming 338 nafarni tashkil etdi. Vaholanki, o`tgan yili bu ko`rsatkich qariyb 9 ming 700 nafarga teng edi
Qizamiq eng ko`p tarqalgan davlatlar ro`yxatida Somali, Yaman, Nigeriya, Efiopiya va Afg`oniston peshqadam. Xususan, so`nggi 12 oy davomida ushbu mamlakatlarda kasallikning 21 ta yirik epidemiyasi kuzatilgan.
Xalqaro mutaxassislar qizamiq boshqa kasalliklar avj olishiga sabab bo`lishi va millionlab bolalar salomatligiga xavf solishidan jiddiy xavotirda.
Ma`lumotlarda keltirilishicha, bu infeksiyadan ko`proq bolalar va chaqaloqlar aziyat chekadi. Eng yomoni, u gripp, Ebola viruslari va hatto COVID-19dan ham tezroq tarqalish xususiyatiga ega.
Shu bois, JSST, o`g`il-qizlarni ushbu xastalikka qarshi emlashga jiddiy e`tibor qaratish o`ta muhim, degan xulosada.
Eslatib o`tamiz, O`zbekistonda har yili 16 yoshgacha bo`lgan bolalarda milliy emlash kalendariga muvofiq, difteriya, shol, ko`kyo`tal, qoqshol, virusli gepatit V, odam papilloma virusi, zotiljam qizilcha, sil va rotavirusli infeksiya kabi 13 turdagi boshqariluvchi yuqumli kasalliklar qatori qizamiqqa qarshi vaksinasiya tadbirlari o`tkaziladi. Xususan, ushbu xastalik bo`yicha epidemiologik va laborator nazorat muntazam olib borilmoqda.






