Sog`liqni saqlash vazirining tegishli buyrug`i bilan davlat tibbiyot muassasalarining malakali shifokorlarini rag`batlantirish yo`lga qo`yildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma`lum qilmoqda.
Unga ko`ra, mazkur tizim xalqaro reytinglarda tibbiyot yo`nalishida birinchi 200 talikka kirgan oliy o`quv yurtlarining klinik ordinatura (rezidentura), magistratura mutaxassisligini tamomlagan va falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan tibbiyot xodimlariga tatbiq etiladi.
Nomzodlar tomonidan arizalar muassasaning kadrlar bo`limiga topshiriladi.
Hujjatlar navbatdagi bosqichda vazirlikning Fan va ta`lim boshqarmasi tomonidan ko`rib chiqilgach, vazir buyrug`i orqali rag`batlantiriladi.
️Nomzodlarning lavozim maoshiga har oylik qo`shimcha ustama vazir buyrug`i chiqqan kundan boshlab bir yil davomida mehnatga haq to`lash eng kam miqdorining quyidagi baravarida belgilanadi:
- klinik ordinatura (rezidentura), magistratura mutaxassisligini tamomlagan tibbiyot xodimiga – etti baravari;
- falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan tibbiyot xodimiga – o`n besh baravari.
Qo`shimcha ma`lumotlar uchun vazirlikning (71) 239-13-72 telefon raqamiga qo`ng`iroq qilishingiz mumkin.






