AsosiyJamiyat

O`zbekistonda tuman maktabgacha ta`lim bo`limlari tugatilishi mumkin

'O`zbekistonda tuman maktabgacha ta`lim bo`limlari tugatilishi mumkin'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda tuman maktabgacha ta`lim bo`limlari tugatilishi to`g`risida xabarlar tarqalmoqda. Mazkur xabarlar yuzasidan Maktabgacha ta`lim vazirligi munosabat bildirdi.

Ma`lum qilinishicha, vazirlikka O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi tomonidan tuman bo`limlari faoliyatini tugatish va boshqa vazifalarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqish topshirig`i berilgan.

"Ayni paytda vazirlik har tomonlama tahlil o`tkazish va tuman maktabgacha ta`lim bo`limlarini optimallashtirish bo`yicha mas`ul boshqarma va idoralardan, jumladan, hududiy boshqarmalardan takliflarni yig`ish, shuningdek, Moliya vazirligi bilan hamkorlikda barcha mexanizmlarni batafsil ishlab chiqishni rejalashtirilgan",-deyiladi Maktabgacha ta`lim vazirligi xabarida.

Qayd etilishicha, bugungi kunda qaror loyihasi ishlab chiqilish jarayonining endi boshlanganligini inobatga olib, tuman maktabgacha ta`lim bo`limlari qanday o`zgarishi to`g`risida ma`lumot mavjud emas. 

"Vazirlik tuman bo`limlarini optimallashtirishda barcha xodimlarning, butun tizimning manfaatlari, shuningdek, har bir hududning alohida o`ziga xos xususiyatlari inobatga olinishini kafolatlaydi. Ushbu yo`nalishdagi ilg`or jahon tajribasi ham qaror loyihasini ishlab chiquvchilar tomonidan hisobga olinadi. Bundan tashqari, amaliyotda, har qanday takliflar hududlardan birida tajriba-sinov tariqasida o`tkazilgandan keyin respublika miqyosida joriy etiladi",-deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar