Hukumat qarori (233-son, 05.05.2022 y.) bilan Prezident ta`lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Nizomga muvofiq, ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilish aniq va tabiiy fanlar, ingliz tili hamda mantiqiy fikrlash bo`yicha o`tkaziladigan imtihonlar asosida amalga oshiriladi.
O`quvchilar faqat o`z hududidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilinadi.
Tanlovda qatnanish uchun qabul komissiyasiga platforma orqali hujjatlar (tug`ilganlik guvohnomasi, tabel nusxasi, 3x4 rasm, olimpiada g`olibligini tasdiqlovchi hujjat (bor bo`lsa) yuboriladi.
Kirish imtihonlari quyidagi fanlardan test shaklida o`tkaziladi:
- ️aniq fanlar yo`nalishida: matematika, fizika, ingliz tili;
- ️tabiiy fanlar yo`nalishida: biologiya, kimyo, matematika, ingliz tili.
Maktablarda ta`lim aniq fanlar yo`nalishi bo`yicha 5-11 sinflar, tabiiy fanlar yo`nalishi bo`yicha 7-11 sinflarda amalga oshiriladi.
Har bir sinfda o`quvchilar 24 nafardan ko`p bo`lmaydi.






