Viloyat shoshilinch markazlarida 40 dan ziyod yuqori texnologik operasiyalar yo`lga qo`yilganini qayd etib, davlatimiz rahbari tibbiyot sohasi vakillar bilan ochiq muloqotda tez yordam xizmatini takomillashtirish bo`yicha ko`plab masalalar ko`tarilganini ko`rsatib o`tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Misol uchun, tez tibbiy yordam brigadasi kechikib kelishi bo`yicha 2021 yilning o`zida viloyatlardan 50 mingdan ziyod shikoyat kelib tushgan.
Sababi, sohada yagona boshqaruv tizimi yo`lga qo`yilmagan, ya`ni tez tibbiy xizmatning 3 ta “xo`jayini” bor.
Jumladan, tibbiyot xodimini “rayzdrav” tayinlaydi, dispetcherlarni ishga qabul qilish va dori-darmon ta`minoti viloyat shoshilinch yordam markazida, transport parki, yoqilg`i ta`minoti va haydovchilar esa “oblzdrav”ga bo`ysunadi”, dedi Prezident.
Bunday boshqaruv tizimida chalkashliklar ko`pligi, buning oqibatida tez tibbiy yordam xizmati ko`rsatish tuman hududi bilan cheklanib qolgani, tez yordam stansiyasi qo`shni tuman bilan chegaradosh bo`lsa ham, boshqa hudud degan vaj bilan chaqiruvni qabul qilmasligi tanqid qilindi.






