Bugungi kunda tez tibbiy yordam brigadalarining 500 dan ortig`ida vrach etishmasligi, 6 mingdan ortiq shifokorlar o`rindoshlik asosida ishlayotgani qayd etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Vaholanki, xalqaro tajribada barcha chaqiruvlar uchun ham vrachlar bo`lishi shart emas.
Shu munosabat bilan chaqiruvlarning murakkabligi, dolzarbligi va turiga ko`ra saralash tizimi joriy etiladi. Yangi tashkil etiladigan Koll-markaz dispetcherlari shunga qarab, vrach yoki feldsherdan iborat tibbiy brigadalarni yo`naltiradi.
Xorijiy tajribada tez yordam feldsheri bir vaqtning o`zida haydovchi hisoblanadi.
Shu bois, yangi o`quv yilidan tibbiyot texnikumlari va kollejlarida feldsherlikka o`qiyotgan yoshlar bir vaqtning o`zida haydovchilikka ham o`rgatiladi.
Shu bilan birga, ko`rsatilgan tibbiy xizmatlarni bemorlar tomonidan xolis baholash orqali tez tibbiy yordam xodimlarini rag`batlantirish tizimi yo`lga qo`yiladi.
Bunda, har chorak yakunida faoliyati bemorlar tomonidan yaxshi baholangan brigadalar xodimlari oylik ish haqining 50 foizi miqdorida mukofotlanadi.






